Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.04.2017 16:59 Chop etish versiyasi

Jinoyat va huquqbuzarliklar kamaymoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy etilgan profilaktika kunida Andijon viloyatidagi mehnat jamoalari, mahallalar, ta’lim muassasalari ham faol ishtirok etmoqda.

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan “Mahalla” xayriya jamoat fondi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, ta’lim muassasalari hamda keng jamoatchilik vakillari hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbirlarda sodir etilgan jinoyatlarning sabab va oqibatlari atroflicha muhokama etilib, ularning oldini olish borasida targ‘ibot ishlari kuchaytirilmoqda.

Profilaktika tadbirlarida fuqarolarning pasport-viza, doimiy yoki vaqtincha yashash, yong‘in, harakat xavfsizligi tartib-qoidalariga rioya etishi nazoratdan o‘tkazildi. Viloyatdagi 27 ming 159 xonadon o‘rganilib, 1 ming 600 dan ortiq ichki ishlar idoralari profilaktik hisobida turuvchi, xorijga ishlagani chiqib ketgan yoki qaytgan shaxslar va ularning oila a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazildi.

O‘rganish jarayonida 198 fuqaroning pasport-viza, 79 fuqaroning doimiy yoki vaqtincha yashash tartibini buzganligi aniqlandi. Ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Profilaktika tadbirlari Marhamat tumanida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Tadbir doirasida tuman Xalq qabulxonasida Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, viloyat prokurori M.Egamberdiyev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Sobirov mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar va ularning ota-onalari bilan muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish, bu borada keng jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Profilaktika tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan 28 jamoatchilik guruhi tomonidan tumandagi umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlarida “Davomat” tadbiri o‘tkazildi. O‘rganish jarayonida tumandagi 6 kasb-hunar kollejida o‘qishga kelmayotgan 11 o‘quvchi darsga qaytarildi.

Tadbir doirasida ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning darsga qatnashishi, puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi, huquqiy bilimini oshirish, ularda qonunlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, yoshlarning turli illatlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish singari mavzularda suhbatlar o‘tkazildi. O‘quvchilar va ularning ota-onalariga 12-yillik majburiy ta’lim, bu borada ularning burch va vazifalari xususida keng tushuncha berildi. Farzandlarini nazorat qilmagan, darsda ishtirok etishiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan ota-onalarga tegishli choralar ko‘rildi.

– Shu kuni tuman hududida 19 huquqbuzarlik holati aniqlandi, – deydi Marhamat tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Yo‘lchiyev. – Huquqbuzarlarga nisbatan tegishli bayonnomalar rasmiylashtirildi. Korxona, tashkilot, mahalla va ta’lim muassasalarida huquqbuzarlik va jinoyatlar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan 30 dan ortiq uchrashuv va tadbirlar o‘tkazildi.

Mahallalarda aholi vakillari, uyushmagan yoshlar, xorijda ishlab qaytgan fuqarolar ishtirokida “Mahalla bedarvoza emas!”, “O‘z uyimni o‘zim asrayman!”, “Biz – jinoyatchilikka qarshimiz!” mavzularida o‘tkazilgan tadbirlarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning burch va mas’uliyatini oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash kabi qator yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari natijasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari keskin kamaymoqda. Bunday tadbir huquqbuzarlik va jinoyatlar kelib chiqishi bilan bog‘liq muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, bartaraf etish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda ichki ishlar idoralari xodimlari, pedagoglar, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
348






Все о погоде - Pogoda.uz