O‘zA O`zbek

15.04.2019 12:29 Chop etish versiyasi

Jinlar bilan gaplashishning narxi 25 million so‘mmi?

Jinlar bilan gaplashishning narxi 25 million so‘mmi?

Farg‘onada bo‘lgan bu firibgarlikni eshitib, hangu mang bo‘lishingiz aniq. “Eskicha” o‘qib, duolar bilan davolovchi Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi Murodjon Qambarov ustasi faranglardan ekan. U oldiga davo istab kelgan fuqaroni 25 million so‘mga chuv tushirdi. 

Barchamiz uchun sevimli bo‘lgan “Sariq devni minib” asarida Hoshimjonning soxta folbin xolani kirdikorlarini fosh etganini hammamiz yaxshi bilamiz. Afsuski, bugun hayotimizda ham ana shunday voqealar uchrab turibdi. 

S.Yusupov holsizlanib, ko‘p kasal bo‘lavergani bois bir tanishidan Uchko‘prik tumani Sariqo‘rg‘on qishlog‘ida bemorlarni duolar bilan davolaydigan kishi borligini eshitib, uni huzuriga najot izlab boradi. “Davolash salohiyati”ga ega M. Qambarov esa bu vaziyatdan foydalanib qolish maqsadida uni aldash yo‘liga tushdi. Uning ishonchiga kirib, duo o‘qib davolashini, ko‘ziga chol va momolar, jinlar ko‘rinishini, jinlar bilan gaplashtirishini aytib aldab, bu “ish” uchun 50 million so‘m so‘raydi. S.Yusupov buncha puli yo‘qligini aytgach, “pul topsangiz keyin keling” deya javob berib yuboradi. Kasallikdan tuzalish istagida bo‘lgan S.Yusupov soxta tabibning kirdikorlariga uchdi, jinlar bilan gaplashish uchun 25 million so‘m pulni olib kelib, davolanishni boshlaydi. Mazkur pulni M.Qambarov shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. U bir kun muddatga jinlar bilan gaplashtirishni aytib, S.Yusupovni “chilla” davriga o‘tirgizadi. Uning ko‘ziga jinlar ham ko‘rinmaydi. Ammo vaqt o‘tsa hamki, soxta tabibning duolari ta’sir qilmadi, kasallikdan tuzalmadi. Shundan so‘ng, u ichki ishlar bo‘limiga murojaat qildi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudining “Sariqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidan bo‘lib o‘tgan ochiq sayyor sud majlisida M.Qambarovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchiga jazo tayinlashda aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, 2-guruh nogironi ekani, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni to‘liq qoplangani kabilar inobatga olindi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 57-modda qo‘llanib, eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. 

Afsuski, bugun oramizda o‘zining soddaligi bilan firibgarlarning tuzog‘iga ilinayotganlar ko‘p. Shuning uchun ham yanada ogoh bo‘lib, o‘z huquqimizni aslo unutmaylik. 

M.Sulaymonov, O‘zA
335