Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 14:38 Chop etish versiyasi

Jasorat, matonat unutilmaydi

Jasorat, matonat unutilmaydi Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida yashovchi 91 yoshli G‘ulom bobo Mahkamovning ayni kuch-quvvatga to‘lgan yigitlik davri Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida tug‘ilgan G‘ulom bobo o‘n sakkiz yoshida urushga ketdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, «Bugun hech kimga sir emas: million-millionlab odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan bu urush insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirg‘in bo‘lganini bu dunyoda hech kim unutmaydi. Va fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba naqadar qimmatga tushganini yurtimizda yashayotgan har qaysi oila, har qaysi odam yana va yana bir bor anglashi, qalbidan o‘tkazishi tabiiydir».

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

– Suronli va qaqshatqich janglar qanchadan-qancha oilalar boshiga bitmas kulfat soldi, – deb eslaydi G‘ulom bobo. – 1950-yil xizmatdan qaytgach, qishlog‘imni ko‘rib, ko‘zim yoshlandi. Garchi bu yerda qaqshatqich janglar bo‘lmagan esa-da, uylar xarobaga aylangandi. Uyimizdan hech kimni topa olmadim. Onam, ukam va jiyanimni qo‘shnimizning uyidan topdim. Urushga ketganimdan so‘ng sog‘inch va alam ko‘z yoshlari onamning ko‘zlaridan nurni olgan ekan. Ishni uyimizni ta’mirlashdan boshladim. Qishlog‘imizdagi barcha uylarni ta’mirlab chiqdim.

G‘ulom ota urushdan qaytgach, 38-yil harbiy sohada mehnat qildi. Turmush o‘rtog‘i Munavvar aya Mahkamova bilan ikki o‘g‘il, to‘rt qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Hozir yigirma beshga yaqin nabirayu chevarasining kamolidan mamnun. Ular turli sohalarda samarali mehnat qilmoqda.

– Istiqlol umrimga umr qo‘shdi, farzandlarim, nevara-chevaralarim baxtu kamolini ko‘rib yashayotganimga behisob shukronalar aytaman, – deydi G‘ulom bobo. – Yoshu keksaga birdek g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan yurtimizda baxtli hayot kechirish uchun barcha sharoit muhayyo. Bu kunlarning qadriga yetish, bunday to‘kin, osuda hayotni sergak turib asrash kerak. Mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar kishiga katta huzur va quvonch bag‘ishlaydi. Bularning barchasi Prezidentimizning xalq manfaatini o‘ylab amalga oshirayotgan ezgu ishlari samarasidir. Ana shu ne’matlarga munosib bo‘lish, tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, doim hushyor va ogoh bo‘lish barchaning burchidir.

Mustaqillik yillarida G‘ulom otaning mehnatlari qadrlanib, «Jasorat» medali, “Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 70-yilligi” esdalik yubiley medali bilan taqdirlandi. Otaxon istiqlol sharofati bilan olgan bu yuksak mukofotlarni alohida e’zozlaydi. Har bir so‘zida xalqimiz erishayotgan yutuqlarni hayotiy misollar bilan targ‘ib etib, yoshlarni bugungi tinch, farovon kunlarning qadriga yetishga undaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan joylarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarining holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushida qatnashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning jasorati hech qachon unutilmaydi. Ularning xalqimiz oldidagi burchini muqaddas bilib, g‘oyat og‘ir sharoitlarda ko‘rsatgan matonati hamisha e’tirofu e’zozga munosibdir.

Nurillo Nasriyev, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 147






Все о погоде - Pogoda.uz