O‘zA O`zbek

02.02.2018 16:03 Chop etish versiyasi

Janubiy koreyalik ishbilarmonlar Samarqandda. Mehmonlar xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Janubiy koreyalik ishbilarmonlar Samarqandda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Janubiy Koreyaga davlat tashrifidan so‘ng bu aloqalar yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Koreyalik ishbilarmonlarning yurtimizga mazkur tashrifi ham davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasidagi amaliy harakatlardir.

Mehmonlar Samarqand viloyatining iqtisodiyoti, ishlab chiqarish va investitsiyaviy imkoniyatlari, xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi. Tadbirkorlar o‘z faoliyat yo‘nalishi va uni kengaytirish yuzasidan olib borayotgan ishlari haqida ma’lumot berdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreyaga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonda xorijlik ishbilarmonlar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar, investitsiya kiritish shartlariga alohida to‘talgan edi, – deydi koreyalik tadbirkor Li Su Sung. – Yurtingizga safarimiz davomida bunga ishonch hosil qilmoqdamiz. Samarqandga kelishimizdan avval Xiva va Buxoro shaharlarida bo‘ldik. Tadbirkorlar bilan suhbatlashdik. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan yaqindan tanishib, ayniqsa, turizm bo‘yicha juda katta imkoniyatlar borligiga amin bo‘ldik. Ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldik.

Janubiy Koreyadagi ip-kalava va tekstil, plastik va chiqindini qayta ishlash, oynalar, energiya tejamkor lampalar, komputerlashgan tizimdagi tomchilatib sug‘oriladigan issiqxonalar, veterinariya preparatlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va qadoqlovchi, olovga chidamli qurilish materiallari, smartfonlar uchun alohida dasturlar ishlab chiqaruvchi va boshqa 20 dan ortiq korxona vakillari samarqandlik tadbirkorlar bilan ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
7 641