O‘zA O`zbek

02.03.2018 10:24 Chop etish versiyasi

Jangovarlikni takomillashtirish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining harbiy san’at kafedrasi tomonidan “Zamonaviy bosqichda epchillik san’ati va taktikasini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Unda maxsus operatsiyalar va mudofaa jangini yuritish asoslari, shahar sharoitida jang qilishning o‘ziga xos xususiyatlari, zamonaviy harbiy nizolar jarayonida artilleriya, uchuvchisiz parvoz apparatlari va jangari robotlardan foydalanish kabi keng qamrovli mavzular yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir ishtirokchilari Suriya, Iroq va sayyoramizning boshqa “olovli nuqtalari”da yuz berayotgan jangovar harakatlarni tahlil qildi. Bu o‘rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida keltirilgan so‘zlar yodga olindi:

“Ayni vaqtda xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfining tobora ortib borayotgani, dunyoning ayrim mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgani, tahlikali vaziyat saqlanib qolayotgani O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga tahdid solmasdan qolmaydi, albatta. Bularning barchasi oldimizda paydo bo‘layotgan tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga doimo tayyor bo‘lishni talab etadi”.

Ablay Kamolov, O‘zA
5 632