Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 20:33 Chop etish versiyasi

Jamoatchilik mas’uliyati ortmoqda

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘inida Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudining ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sayyor sud majlisida tuman ichki ishlar idorasi mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, nuroniylar, ta’lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirishda yuksak samaralar bermoqda.

Prezidentimizning 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Sudning asosiy vazifasi odil sudlovni amalga oshirish, shuningdek, jinoyat sabablari, uning sodir etilishiga imkon bergan omillarga barham berish to‘g‘risida tegishli muassasa, korxona, tashkilot, mahalla fuqarolar yig‘inlariga taqdimnoma, xususiy ajrimlar kiritishdan iborat, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi raisi Bahrom Toshpo‘latov. – Bu kabi sayyor sud majlislari o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad aybdorga faqat jazo tayinlash emas, balki sodir etilgan jinoiy qilmishning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, fuqarolar o‘rtasida huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish hamda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan keng jamoatchilik hamkorligini yanada mustahkamlashdir.

Sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari bo‘yicha aybdorlar qonuniy tartibda jazoga tortildi. Sud majlisi yakunlangandan so‘ng, mahalla faollari, ta’lim muassasalari, huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.

– Sud majlisida o‘tirib, sodir etilgan jinoyat, uning oqibatlarini ko‘z o‘ngimda gavdalantirar ekanman, bu huquqbuzarliklarning yuzaga kelishida oila, ta’lim muassasasi va albatta, mahallalardagi tartib-intizomga, farzandlarimiz tarbiyasiga yetarli e’tibor qaratmayotganimizni yanada teran angladim, – deydi “Nov” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hasanbek Otabekov. – Mahallamiz yigitlari – 20 yoshli Jasur Nurmatov va Zangiota agrosanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Javohir G‘aniyev birovning uyiga kirib pul o‘g‘irlagani, aybi tasdiqlanib, ma’lum muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganida vijdonimiz qiynaldi. Bundan o‘zimizga yetarli xulosa chiqargan holda farzandlarimiz tarbiyasi, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni foydali mashg‘ulotlarga jalb etishga yanada jiddiy e’tibor berishimiz lozimligini tushundik.

Ishtirokchilarga sud-huquq tizimini yanada isloh etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 239






Все о погоде - Pogoda.uz