Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 18:37 Chop etish versiyasi

Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi

Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir. Bu ulug‘ ne’matning barqarorligi va bardavomligi jamoatchilikning, har bir yurtdoshimizning faolligi va fidoyiligiga bog‘liq. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi milliy armiyamiz va aholi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Vatan himoyachilarining ma’naviyatini boyitish va jangovar shayliklarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jamoatchilik kengashining joriy yil birinchi choragi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida bu haqda so‘z yuritildi.

Jamoatchilik kengashi raisi I.Mirzaaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi F.Dadaxo‘jayev, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisining o‘rinbosari M.Umarov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida milliy armiyamizni isloh etish va uning mudofaa qudratini, jangovar salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega harbiy xizmatchilarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 24-oktabrdagi qarori bilan tashkil etilgan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi milliy armiyamiz va aholi o‘rtasidagi aloqalarni muvofiqlashtirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, mudofaa va harbiy qurilish sohasini rivojlantirishga fuqarolar va jamoat birlashmalarini jalb etish, harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarda yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirish, davlatimiz tomonidan Vatan himoyachilarining huquqiy va ijtimoiy himoyasi yo‘lida olib borilayotgan ishlarni aholi o‘rtasida keng tushuntirish, harbiy xizmat nufuzini yanada oshirish kabi ustuvor maqsadlarga xizmat qilayotir.

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ko‘pgina yutuqlarga erishayotganini qayd etarkan, viloyat hokimliklari tarkibida ushbu kengash mintaqaviy bo‘linmalari tuzilishi uning imkoniyatlarini yanada kengaytirishini ta’kidlagan edi.

Olib borilayotgan ishlarni yanada kengroq har bir bo‘linma va shaxsiy tarkib orasida tashkil etish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya ishlariga mamlakatimiz fuqarolari, jamoat tashkilotlari va uyushmalarini yanada kengroq jalb etish, yoshlar, ayniqsa, chaqiruvga qadar yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va viloyat hokimliklari tarkibida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy bo‘linmalarini tuzish haqida aniq vazifalar belgilangan. Shu bois mazkur bo‘linmalarning ishi harbiy okruglar qo‘mondonligi bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda.

Yig‘ilishda hisobot davrida Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazilgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda boshqa targ‘ibot-tashviqot ishlari sarhisob qilinib, yo‘nalishlar bo‘yicha komissiya raislarining axborotlari tinglandi, navbatdagi vazifalar belgilab olindi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 143






Все о погоде - Pogoda.uz