Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2018 10:26 Chop etish versiyasi

Jamoatchilik fikri – odil sudlov asosi

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida sud-huquq tizimini isloh qilish, qonun ustuvorligini, sud, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat idoralari faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.

Ushbu hujjat asosida amalga oshirilayotgan islohotlar sudlarni ixtisoslashtirish, sud apparatini mustahkamlash, sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish, sudning mustaqilligi va beg‘arazligi, sud protsessida tomonlarning tortishuvi va teng huquqlilik tamoyillarini har tomonlama tatbiq etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Jumladan, mamlakatimizda Sudyalar oliy kengashi ta’sis etilib, sudyalarni tanlash va tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldi olindi, ochiq, oshkora va muqobil tanlov tizimi yaratildi. Bu lavozimga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy etilib, ularning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligi kafolatlari kuchaytirildi. Joylarda ma’muriy va iqtisodiy sudlar tashkil etilgani ham fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirdi.

Sudyalar faoliyatiga birinchi navbatda, aholidan tushayotgan shikoyatlar soni, ularning xalq bilan muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni qanday hal etayotganiga qarab xolisona baho berish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar sudlari raislari, o‘rinbosarlari lavozimiga nomzodlarni tayinlashdan oldin faollar yig‘ilishida jamoatchilikka muqobil nomzodlar tavsiya etib, tanlov o‘tkazish tartibi qo‘llanilayotgani ham ularning qonun ustuvorligiga mas’ullik, islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Termizda o‘tkazilgan Surxondaryo viloyati faollari yig‘ilishida viloyat iqtisodiy sudining raisi lavozimiga tavsiya etilgan ikki nafar muqobil nomzod o‘z rejalari aks etgan “yo‘l xaritasi”ni taqdim qildi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi M.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovga erishishda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati iqtisodiy sudi raisi lavozimiga tavsiya etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi N.Xudoyorov va Qashqadaryo viloyati Koson tumanlararo iqtisodiy sudi raisi A.Sadirov o‘zining “yo‘l xaritasi” taqdimotini o‘tkazdi. Ushbu lavozimga tayinlangudek bo‘lsa, sudyalar qasamyodiga sodiq qolib, Prezident va xalq ishonchini oqlash, Vatanga munosib xizmat qilishga va’da berdi. Ishtirokchilarning savollariga javob qaytardi.

Nomzodlarning kasbga oid bilimi, ishchanlik mahorati, tajribasi va boshqa fazilatlariga e’tibor qaratilgan yig‘ilishda “Nuroniy” jamg‘armasi Surxondaryo viloyati bo‘limi raisi M.Abdullayev, Oliy Majlis senati a’zosi Sh.Oripova, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati S.Tursunov va boshqalar so‘zga chiqib, munosib nomzodga o‘z tanlovini amalga oshirdi.

Faollar yig‘ilishida Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 653