Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2017 16:51 Chop etish versiyasi

Jamoatchilik bilan aloqalar takomillashmoqda

Mamlakatimizda xalqimizning munosib hayot kechirishi, yurtdoshlarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni muhim dasturilamal bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida «Harakatlar strategiyasi – taraqqiyotning yangi bosqichi» mavzusida tashkil etilgan anjumanda bu alohida ta’kidlandi.

Milliy davlatchilikni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Taraqqiyotning yangi strategiyasida yaqin besh yillikda mamlakatimiz zabt etishi nazarda tutilgan ulkan dovonlar, xalqimiz hayot darajasini yuksaltirishning mexanizmlari aniq belgilab berilgan. Uning asosiy maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishini ta’minlash uchun sharoit yaratish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotimizning barcha sohalarini yanada erkinlashtirishdan iboratdir.

– Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan mamlakatimizni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi yurtimiz hayotida muhim voqelik bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari A.Usmonov. – Shu asosda hayotga tatbiq etilayotgan amaliy sa’y-harakatlar yangi taraqqiyot marralarini egallash, zamon shiddatiga mos tarzda rivojlanish, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Faoliyati aholi bilan ishlash, uning manfaatlarini ta’minlash bo‘lgan tuzilmalar yanada takomillashtirilayotgani e’tiborga molik. Xususan, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati idoralari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqoti yo‘lga qo‘yilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar organlarining faoliyati tubdan takomillashdi. Bu jarayonda fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga e’tibor yanada kuchaydi. Soha faoliyatini tashkil etishga zamon talablariga javob beradigan yangi yondashuvlar tatbiq etilmoqda. Jinoyatchilikka qarshi kurashishga keng jamoatchilikni jalb qilish, profilaktika inspektorlarining bevosita aholi orasida ish olib borishini tashkil etishga doir chora-tadbirlar kutilgan samarani bera boshladi. Joriy yilning o‘tgan davrida 5,2 mingdan ziyod mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmagani fikrimizni tasdiqlaydi.

Ichki ishlar vazirligi, sohaviy xizmatlar mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb vazifalar va ularning ijrosi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 796






Все о погоде - Pogoda.uz