Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.12.2017 15:22 Chop etish versiyasi

Jamiyatimizning to‘laqonli a’zolari

Bag‘rikenglik, mehr-muruvvat ko‘rsatish, ehtiyojmandga ko‘mak berish azaliy udumimiz. Ajdodlardan o‘tib kelayotgan bu an’analar aholi va yoshlarni saxovatga undab, ezgu va xayrli ishlarga keng yo‘l ochmoqda.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan yuzdan ziyod normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilishi bunga yorqin misoldir. 1991-yil 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni MDHda birinchilar qatorida qabul qilingan edi. Keyinchalik mazkur qonun qayta ishlab chiqilib, 2008-yil 11-iyul kuni yangi tahrirda qabul qilingan.

3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o‘tkazib kelinayotgan tadbirlardan ko‘zlangan maqsad, avvalo, nogironlarning jamiyatdagi o‘rni va ularga nisbatan sog‘lom qarashni rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy, moddiy va ma’naviy ko‘mak berishdir. Qolaversa, nogironlik muammolarini hal qilish bo‘yicha yurtimizda yaratilgan mustahkam huquqiy poydevor nafaqat davlat organlariga, balki keng jamoatchilik vakillari hamda har bir fuqaroga maqsadli vazifalar mas’uliyatini yuklaydi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori keng ko‘lamli ishlarda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 18-noyabrdagi majlisi bayoniga asosan joriy yilning 30-noyabridan 30-dekabriga qadar “Mehr-muruvvat oyligi” deb e’lon qilindi. Mazkur oylik doirasida nogironlar hayot tarzini yaxshilash, ularning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga har jihatdan ko‘mak berish, sog‘lig‘iga nisbatan e’tiborni kuchaytirish, ularni salomatligi uchun zarur bo‘lgan texnika anjomlari bilan ta’minlash, ijtimoy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ommaviy-madaniy va xayriya tadbirlarini tashkil etish, bu ishlar ijrosida davlat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Mehr-muruvvat oyligini samarali o‘tkazish maqsadida respublika ishchi guruhi tuzilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Yoshlar ittifoqi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, "Nuroniy" jamg‘armasi va O‘zbekiston nogironlar jamiyati va boshqa qator tashkilotlarning faol ishtirok etishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, tegishli vazirlik, idora, tashkilotlar hamkorligida Saxovat, Muruvvat uylarida, sanatoriylarda, reabilitatsiya markazlarida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Joriy yilning 25 dekabriga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 200-250 nafardan, jami 3 ming nafar nogiron bepul tibbiy, laborator-funksional diagnostikadan o‘tkaziladi. Ular tibbiy xulosalar asosida davolanadi, zaruratga qarab jarrohlik amaliyotidan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, nogironlarning ijtimoiy infratuzilma obyektlariga qulay kirib chiqishi uchun maxsus yo‘lakchalar, tutqichlar va moslamalar o‘rnatish choralarini amalga oshirish rejalashtirishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda jahonda taxminan bir milliard, jumladan, mamlakatimizda 600 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxs turmush kechiradi. Bu esa ularning hayotda sog‘lom insonlar qatorida jamiyatimizning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jabhalardagi jarayonlarda ishtirokini ta’minlash masalasini hal etishni talab etadi. Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekiston nogironlar jamiyati Prezidentimiz tomonidan chiqarilayotgan farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ularni maxsus kasb-hunarga o‘rgatish, ishga joylashtirish, bunday shaxslar uchun qulay va maqbul muhitni yaratish, tibbiy-ijtimoiy yordam va shu kabi zarur yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishda yaqin ko‘makchi bo‘layotgan tashkilot hisoblanadi. Uning bugungi kunda 160 dan ortiq bo‘lim va bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Mehr-muruvvat oyligi doirasidagi ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1-dekabrdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida yanada mustahkam ifodasini topdi, – deydi O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisi K.Abdullayev. – Mazkur hujjat nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishda, ularning turmush darajasini yanada yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, bunday shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Hamkor tashkilotlar bilan oylik doirasida poytaxtimizdagi “Osiyo grand” to‘yxonasida 800 nogironga bayram dasturxoni uyushtirildi. Jamiyatimizning hududiy bo‘lim va bo‘linmalarining har birida 200 dan 300 gacha nogiron uchun shunday tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jamiyat O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa qator tashkilotlar bilan viloyatlarda nogironligi bor bo‘lgan yosh onalar va qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuv bitimi tuzdi. Bundan tashqari, ana shu kabi xayrli ishlar davomida qariyb 12 ming 700 fuqaro protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlanadi. Jumladan, ular uchun 2 ming 515 protez-ortopediya mahsuloti, 5 ming 270 ta nogironlik aravachasi, 1 mingdan ziyod eshitish moslamasi, 2 ming 265 hassa va 1 ming 600 dan ortiq juft qo‘ltiqtayoq bepul yetkazib beriladi.

Muxtasar aytganda, mamlakatimizda Mehr-muruvvat oyligi doirasidagi tadbirlar keng miqyosda o‘tkazilmoqda.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
5 655