Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.06.2018 17:22 Chop etish versiyasi

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib, nimaga erishamiz?

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib, nimaga erishamiz?
O‘zbekiston yaqin yillarda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Milliy iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan qishloq xo‘jaligi uchun ham bu tashkilotga a’zo bo‘lishning ijobiy hamda salbiy tomonlarini chuqur o‘rganish, bu borada mamlakatimizning aniq pozitsiyasini belgilab olish bizning asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A. Ergashev poytaxtimizda o‘tkazilgan “Jahon savdo tashkilotiga kirishda qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos jihatlari” mavzusida xalqaro seminarda aytib o‘tdi.

Jahon banki hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish imkoniyatlari yuzasidan muzokarlar olib borildi.

Qayd etish joizki, 1995 yil 1 yanvaridan faoliyatini boshlagan bu tashkilotning ayni vaqtda 164 ta a’zo mamlakati uchun yangi bozorlar ochiq hisoblanadi. 10 dan ziyod turli yo‘nalishdagi bitimlar uning normativ-huquqiy bazasini tashkil etmoqda. Bu hujjatlar talabini bajarish tashkilotning barcha a’zolari uchun majburiy sanaladi. A’zo bo‘lishni istagan davlatlar o‘z milliy qonunchiligini ularga muvofiqlashtirishi kerak.

– A’zo davlatlarning savdo siyosati Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalariga mos bo‘lishi shart, – deydi FAOning O‘zbekistondagi vakili M. Qosimov.– Unga a’zo bo‘lish ushbu davlatning tartiblari savdo siyosati va savdo rejimiga mos ekanligini bildiruvchi belgi hisoblanadi. Shuning uchun nomzod davlatning savdo tartibi tashkilot qoidalariga to‘liq mos ekani barcha a’zo mamlakatlar tomonidan ma’qullaganidan so‘ng tegishli qaror qabul qilinadi.

Haq-huquq cheklanmagan savdo, eng yuqori darajadagi qulay tartib, milliy tartibot, ochiqlik, bozorga kirish uchun oldindan ma’lum sharoit, halol raqobat, iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishga ko‘mak, savdoga daxldor rasmiyatchilik darajasining pastligi kabilar JSTning asosiy tamoyillari hisoblanadi.

Xo‘sh, ayni vaqtda O‘zbekiston uchun Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning qanday afzalliklari mavjud?

“Jahon savdo tashkilotiga kirishda qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos jihatlari” mavzusidagi xalqaro seminarda aytilishicha, tashkilotning 164 a’zo mamlakati uchun yangi bozorlar ochiq bo‘ladi. Investitsiyaning barqarorligi ta’minlanadi. Yangi sarmoyalar asosida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Raqobat muhiti ham yaxshilanadi, bu boradagi global sharoitlar mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda xizmatlarni yetkazib beruvchilarga mahsulot sifatini ko‘tarish hamda dunyo bozorida raqobatlashishni o‘rganishga yordam beradi.

Iste’molchilar arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlarni tanlash imkoniga ega bo‘ladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning huquqi himoyalanadi. Savdo hamkorlari qabul qilingan xalqaro standartlar qoidalariga muvofiq milliy standartlarni ishlab chiqish eksportyorlarga chet el bozori talablariga moslashishda yordam beradi. Jahon miqyosidagi savdo siyosati bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish huquqi beriladi, ya’ni tashkilot yig‘ilishida ishtirok etadigan har bir davlat o‘z ovoziga ega bo‘ladi.

O‘zA
2 903