Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 17:06 Chop etish versiyasi

Izlanib, intilib yashash mukofoti – farog‘at

Izlanib, intilib yashash mukofoti – farog‘at
Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, 
madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasidan.

Yosh o‘tgan sayin tez-tez ortingga nazar tashlaydigan bo‘lib qolar ekansan. «Umrim behuda o‘tmadimi? O‘ylagan orzu-niyatlarimga yetdimmi?» deya bot-bot o‘zimga savol beraman. Inson yashagani sayin, hayotning mazmun-mohiyatini anglab boradi. Ming shukr, yurtimizning hamma joyida talabalarim, shogirdlarim bor. Ular yo‘qlab kelsa, maktublar yozsa, behuda yashamaganimni his qilaman.


14.JPG

To‘g‘risi, bolalik damlarimiz og‘ir yillarga to‘g‘ri keldi. 1935-yil Toshkentda tug‘ilgan bo‘lsam-da, bolaligim, yoshligim Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida o‘tdi. 1942- yil otamning ishi yuzasidan borgan joyimizda oilalar uncha ko‘p emas, odamlar yerto‘lalarda jon saqlardi. Kunduzlari qumga tuxum ko‘msangiz pishadigan darajada issiq bo‘lib, biz faqat kechqurun oy yorug‘ida o‘ynardik. Oziq-ovqat tanqis. Ichimlik suvini ham nihoyatda tejab ishlatardik. Na maktab bor, na kutubxona. Bolaligimizni bezaydigan birdan-bir narsa onamning ertaklariyu o‘qib bergan kitoblari edi.

28.JPG

1944-yil otam urushga ketib, onam bir etak bola bilan qoldi. Sakkiz yoshdan oshib maktabga bordim. Hammasidan ham ochlik qiynab yuborgan zamonlar edi. Tez orada urush tugadi. Biz bir narsani bilardik. G‘alaba deganlari dadamizning uyga qaytishi edi. Nihoyat, bizning uyimizda chiroq yondi. G‘alabamiz ham, quvonchimiz ham otamning sog‘-salomat kelgani bo‘ldi.

9.JPG

1953-yil maktabni kumush medal bilan tamomladim, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi akademiyaga o‘qishga kirdim. O‘qishni tugatib, Xovosda, keyinroq Chimboy tumanida ishladim.

1.JPG

Bu sohaga mehr qo‘yishimda onamning tabiatni sevishi ham sabab bo‘lgan. “Tabiat mehnatning mevasini juda tez qaytaradi. Bu qanday mo‘jizaki, bir hovuch urug‘ sepsang, ozgina mehr bersang, vaqti kelib bir etak hosil beradi”, der edilar.

...Uyimizning derazasiga tongda oftob nuri tushadi. O‘rnimdan turib talabalar huzuriga shoshaman. Ular bilan muloqotlarim, ertangi kuniga ishonib yashayotgan ilm toliblarining intilishlari menga kuch bag‘ishlaydi. Ilm o‘rganishni igna bilan quduq qazishga o‘xshatishadi. Biroq, siz igna ushlab quduq qaziyotgan kishini hech ko‘z oldingizga keltirganmisiz? Bitta ekinning ildizini o‘rganish uchun soatlab suv ichida yurgan kezlarim bo‘lgan. Har bitta ekinni bolamdek ardoqlab, uning nafas olishi, oziqlanishini oylab kuzatgan damlarim bo‘lgan. Ular bilan birga yashadim, nafas oldim.

Hayotimga mazmun baxsh etgan yana bir quvonch – talabalarim. Ilm o‘rganaman deb olislardan kelgan, yer bilan tillashadigan, o‘simliklarning «tili»ni tushunadigan talabalarni ko‘rsam, boshim osmonga yetadi. Boisi, bunday yoshlar o‘z sohasini gullatadi. Yurtimizning tayanchi, baxti bo‘la oladi. Toshkentlik Viktor Gostyuxin, qashqadaryolik Arabboy Ro‘ziyev, xorazmlik Abdulla Abdullayev, qoraqalpog‘istonlik Egamberdi Tojiboyev kabi yigirmadan ortiq shogirdim bor. Ularning o‘nga yaqini qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, ikkitasi doktor bo‘ldi. Pokistonlik Fazal Hay’at Toj, misrlik Mustafo Muhammad Selim Ali, suriyalik Nemex Muhammad Zenitdin, liviyalik Git Xaled Bahri, vetnamlik Nguyen Txi Txu kabi shogirdlarim hali ham xabarlashib turadi. Umrining 50 yilini o‘qish, izlanishga sarf etgan olimaning parvarish qilgan daraxti ular.

Ular bilan birgalikda soya, mosh, loviya, sudan o‘ti kabi ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish ustida tadqiqotlar olib bordik. Bu borada ko‘plab yutuqlarga erishdik. Misol uchun, makkajo‘xori o‘lkamizda ko‘p ekiladi, serhosil o‘simlik. Lekin yerning kuchini olib qo‘yadi. Makkajo‘xori soya o‘simligi bilan qo‘shib ekilsa, tuproqning quvvati ko‘proq oshishini isbotladik.

Yurtimiz mustaqillikka erishganda nafaqa yoshiga yetgan edim. Shuncha yillar hozirgi Toshkent davlat agrar universitetining o‘simlikshunoslik kafedrasida ishlagan bo‘lsam-da, mehnatlarim e’tirof etilmagandi. Istiqlol ko‘zimga nur, yuragimga quvvat ato etdi. Yildan-yilga oyoqqa turib, ulg‘ayib borayotgan yosh davlatimizning yutuqlaridan quvondim. “O‘zbekistonning sug‘oriladigan yerlarida yem-xashak ekinlari hosildorligini oshirishda texnologiyaning roli” mavzuida doktorlik ishini himoya qildim, professor unvoniga sazovor bo‘ldim. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni bilan taqdirlandim.

Rag‘batdan, e’tibordan ruhlanib, izlanishlarni bir daqiqa bo‘lsa-da, to‘xtatmadim. Shogirdlarim bilan sho‘r tuproqqa, suvsizlikka chidamli, serhosil no‘xat navlarini yaratish borasida olib borgan izlanishlarimiz samarasida «Malxotra», «Halima» navlarini yaratib, patent oldik. Bu navlar barcha viloyatlarda ekish uchun davlat reyestriga kiritildi. «Malxotra» kuzda ekilsa, gektaridan 4 tonna, «Halima» bahorda ekilsa, uch tonnadan ortiq hosil beradi. Shu tariqa kuzgi va bahorgi navlar yaratildi. Ularning doni yirik, hosili yaxshi, qaynatganda tez pishadi. Hozir «Asilbek» va «Meros» navlari sinovdan o‘tmoqda.

Xalqimizda nonni asrasang nonga, kiyimni asrasang kiyimga yetasan degan naql bor. Talabalarga yurtimizda har qancha to‘kin-sochinlik bo‘lsa-da, isrofga yo‘l qo‘ymasliklarini uqtiraman. Niyatim – dasturxonlarimiz yanada to‘kin, yurtimiz osmoni doimo tinch bo‘lsin.

Halima Otaboyeva,
qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan
xalq ta’limi xodimi.

Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
970






Все о погоде - Pogoda.uz