Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 17:44 Chop etish versiyasi

Ixtiyor Qurbonovning jinoiy ishi sayyor sudda ko‘rib chiqildi

Jizzax viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida sayyor sudlar o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Sharof Rashidov tumanidagi "Toqchilik" mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida bo‘lib o‘tdi.

Sayyor sudda ushbu mahallada yashovchi fuqaro Ixtiyor Qurbonovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. 5 farzandning otasi, yoshi ellikni qoralab qolgan bu fuqaroning qilmishi haqida eshitgan birov “Essiz umr”, deb achingan bo‘lsa, boshqasi “Shunaqasi ham bo‘lar ekanmi-a?” deya taajjublandi.

U bundan 5-yil muqaddam ham sudlanib, 3-yil ozodlikdan mahrum etilgan. Ammo davlatimizning bag‘rikengligi, kechirimliligi tufayli unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanib, jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilingan. Biroq, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan I.Qurbonov yana nopok ishga qo‘l urib, sudning qora kursisiga o‘tirdi.

Joriy yil iyun oyida tuman ichki ishlar va terrorizmga qarshi kurash bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori – 2017” tadbiri davomida I.Qurbonovning hovlisida kannabis giyohvandlik o‘simligi o‘stirilayotgani hamda iste’mol uchun quritib tayyorlab qo‘yilgani aniqlandi. Surishtiruv va tergov davomida u barcha ayblarini bo‘yniga oldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tumani sudining sayyor sud majlisida I.Qurbonovning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilasida yagona boquvchi ekani inobatga olinib, unga nisbatan 1-yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoiy ish uchun sudlanuvchiga qonuniy jazo berildi. Sayyor sud majlisida qatnashgan mahalla ahli bu hukmni mamlakatimizda odamlarni jazolash emas, balki tarbiyalashga qaratilgan siyosat ustuvorligi, qonunlarimizning insoniylik va adolat tamoyillariga asoslangani haqida so‘z yuritdi.

– Agar ushbu sudda qatnashmaganimda, Ixtiyor Qurbonovga yengil jazo berildi, deb o‘ylashim ham mumkin edi, – deydi 12-umumta’lim maktabi biologiya fani o‘qituvchisi M.Fozilova. – Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimidagi islohotlardan maqsad insonni jazolash emas, aksincha, tarbiyalash ekaniga ishonch hosil qildim. Bu I.Qurbonovga hayotda to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi uchun berilgan yana bir imkoniyat. Ushbu sud jarayonida hech birimiz qo‘shnimiz yo mahalladoshimiz hayotiga befarq bo‘lmasligimiz lozimligini yanada teran angladim.

Xuddi shunday sayyor sud tumanning “Qo‘shko‘prik” mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zi iste’mol qilishi uchun giyohvand modda o‘stirgan fuqaroning jinoiy ishi mahalla ahli ishtirokida muhokama qilinib, aybdorga tegishli jazo belgilandi.

Bunday sayyor sudlar viloyatning barcha tumanlarida o‘tkazilayotir. Ularda aybdorga faqat jazo tayinlash emas, balki sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabab va omillarini tahlil qilish, fuqarolar o‘rtasida huquqiy targ‘ibotni kuchaytirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan keng jamoatchilik hamkorligini yanada mustahkamlash asosiy maqsad ekani uqtirilmoqda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 597






Все о погоде - Pogoda.uz