Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.07.2018 20:27 Chop etish versiyasi

Istiqbolli hamkorlik davom etadi

Istiqbolli hamkorlik davom etadi
O‘zbekiston-Shveysariya biznes forumi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yohann Shnayder-Amman boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.

Dastlab, “Grand Samarqand” mehmonxonasida o‘tkazilgan seminarda ta’lim, kommunal soha bo‘yicha qator loyihalar muhokama qilindi. Shundan so‘ng, shveysariyaliklar Samarqand kompyuter texnologiyalari va gidromelioratsiya kasb-hunar kollejiga tashrif buyurdi. Mazkur kollejda O‘zbekiston-Shveysariya “O‘zbekistonda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish” IV faza loyihasi doirasida tashkil qilingan mintaqaviy kasbiy tayyorgarlik markazi faoliyati bilan tanishdi.

7.JPG

Ushbu o‘quv markazda tashkil etilgan kompyuter, ekskavator-simulyator, nasos stansiyalari avtomatikasi xonalari zamonaviy jihozlangan. Loyihada suv xo‘jaligi va suv ta’minoti sohasida “Gidrotexnika inshootlari va nasos stnatsiyalaridan foydalanish texnigi”, “Kommunal xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish bo‘yicha texnik-texnolog” kasblari bo‘yicha kadrlash tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi va katta yoshdagilar uchun keyingi ta’lim tizimi doirasida mutaxassislarni o‘qitishni yo‘lga qo‘yish asosiy maqsad qilib olingan.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari o‘quv markazda olib borilayotgan ta’lim jarayonini bevosita kuzatib, mutaxassislar bilan muloqot qildi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Samarqand tumanidagi “Samfruit” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Shveysariya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 2002 yildan faoliyat boshlagan korxonada 50 ga yaqin turdagi meva-sabzavot qayta ishlanib, quritilgan holda Yevropa davlatlariga eksport qilinadi.

—O‘zbekistonda o‘tkazilgan biznes-forum samarali bo‘ldi, - deydi Shveysariya federal iqtisodiyot, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Yohann Shnayder-Amman. — Forum doirasida har ikki tomondan ishbilarmonlar biznes imkoniyatlar bilan tanishib, o‘zlarining istiqboldagi faoliyati haqida tushunchaga ega bo‘ldi. Bugun Samarqandda hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib, O‘zbekistonda biznes yuritish uchun imkoniyatlar kengligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Bu shveysariyalik biznesmenlarga yangi loyihalar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga turtki beradi.

Mehmonlar tashrif davomida Samarqandning diqqat sazovor joylarini tomosha qildi, xalqimiz madaniyati, tarixi bilan yaqindan tanishdi.

11.JPG

13.jpg

Alisher Isroilov (surat) O‘zA
1 682