Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 20:10 Chop etish versiyasi

Istiqboldagi vazifalar belgilab olindi

Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining 2017-yildagi faoliyati va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘tgan yili qo‘mitada “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida"gi, “Iste’molchi huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlarning ijrosi tahlil qilindi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, tegishli vazirlik va idoralarga qo‘mita qarorlari yuborildi, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Qo‘mitada Iqtisodiyot vazirligining mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha hamda “O‘zqurilishmateriallari” AJ raisining «Qurilish materiallari, mahsulotlari ishlab chiqarishning holati va istiqbollari to‘g‘risida»gi axborotlari eshitildi. Qo‘mita a’zolari tomonidan davlat boshqaruvi va xo‘jalik organlari mansabdor shaxslariga 59 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.

Qo‘mita a’zolarining hududlarga chiqib o‘rganishlari natijasida Xorazm viloyati Xiva tumanida ko‘p xonadonli uy-joylar uchun 5 ta shirkat tashkil etildi. Ular bankdan kredit olib, ko‘p xonadonli uy-joylarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida kanalizatsiya tizimini ishga tushirishga amaliy ko‘mak berildi.

Sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga borib, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimi yuzasidan qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hisobot davrida 38 ta sanoat va ishlab chiqarish korxonasiga tashrif uyushtirildi.

2018-yilga mo‘ljallangan asosiy vazifalar hamda rejadagi ishlar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 2018 yilda 11 qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Qo‘mita a’zolari 2018 yilda 6 sanoat va ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib, mavjud muammolarni o‘rganishi belgilangan.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
3 860