Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 17:02 Chop etish versiyasi

Istiqboldagi muhim vazifalar uchun dasturilamal

Toshkent davlat agrar universitetida “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi – faoliyatimiz dasturi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimizning joriy yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz barcha sohalari rivoji, xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi, bu partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari, deputatlik birlashmalari zimmasiga ham ulkan vazifalar yuklashi ta’kidlandi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyot strategiyasi barcha sohalarni liberallashtirish, modernizatsiya qilish, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yanada yuksaltirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Nazarov. – Ayni paytda mamlakatimizda keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilanib, ularning ijrosini to‘laqonli ta’minlash bo‘yicha barcha davlat va jamoat tashkilotlari oldiga aniq vazifalar qo‘yilmoqda. Shundan kelib chiqib, bugungi tadbirda Harakatlar strategiyasining har bir yo‘nalishini puxta o‘rganish, tahlil qilish jarayonida partiyamiz va uning faollari oldida turgan aniq chora-tadbirlar belgilab olinishiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur strategiyaning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, unda belgilangan vazifalarni atroflicha tushuntirish bo‘yicha partiyamiz oldida turgan ishlar xususida fikr almashildi.

Tadbirda Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida viloyat bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda partiya viloyat kengashi va deputatlik guruhlarining istiqboldagi vazifalari belgilab olindi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 628






Все о погоде - Pogoda.uz