O‘zA O`zbek

09.08.2018 12:23 Chop etish versiyasi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaroning huquqi sudda himoya qilindi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaroning huquqi sudda himoya qilindi

Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga joriy yil 16-aprelda Navbahor tumani “Arabxona” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Husniddin Qurbonov ariza bilan murojaat qildi. Murojaatda yakka tartibdagi tadbirkor O‘tkir Hayitovdan Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Munjal shifer” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqargan shifer mahsulotidan 230 tasini 9 million 200 ming so‘mga sotib olgani, shifer foydalanilgandan so‘ng yaroqsiz holga kelib yorilib tushayotganligi, bu borada sotuvchi va ishlab chiqaruvchilarga murojaat qilganligi, ammo muammo bartaraf etilmaganligini bildirgan.

Murojaat asosida mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi va iste’molchi huquqini tiklash, unga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirishni so‘rab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.

Sud tomonidan da’vo arizasi ko‘rib chiqildi va iste’molchi Husniddin Qurbonovga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan jamiyat tomonidan kiritilgan da’vo arizasi rad etildi.

Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan to‘plangan hujjatlar bilan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudiga apellyatsiya tartibda ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qilindi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi taqdim etilgan hujjatlar asosida ish ko‘rib chiqish jarayonida mavjud holatlarga aniqlik kiritish maqsadida ishga tegishli malakali soha vakillarini jalb etib, ularga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Jamiyat va soha vakillari ishtirokida shifer mahsulotining sifati laboratoriyadan o‘tkazildi, sarflangan xarajatlarga aniqlik kiritildi.

2018-yil 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudida iste’molchi Husniddin Qurbonovga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar qo‘shimcha ravishda soha mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar bilan birga ko‘rib chiqildi. Moddiy zarar 10 million 85 ming so‘m, ma’naviy zarar 500 ming so‘m hamda Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan qilingan 461 ming so‘m miqdordagi xarajatlarni undirib berish yuzasidan sud qarori qabul qilindi.

O‘zA
2 805