Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 09:21 Chop etish versiyasi

Iste’molchi – hamisha haq!

Termizda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “Rahbar va yoshlar” loyihasi doirasida Surxondaryo viloyati yoshlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilari, faol yoshlar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov va boshqalar mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shunga muvofiq amalga oshirilayotgan mazkur loyiha yosh avlodning iste’mol madaniyatini yuksaltirib, ularning huquqiy bilimini oshirishga, muammolarini birgalikda yechishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Yosh iste’molchilar duch kelayotgan muammolar atroflicha tahlil qilinib, ularning yechimi izlandi. Huquqiy tushuntirishlar berildi.

– O‘z huquqini yaxshi bilgan iste’molchi madaniyatli va hamisha haq bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Termiz shahar bo‘limi rahbari U.Qulmamatov. – Qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘lgan ushbu tadbirda yoshlarimiz savdo, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda duch kelgan muammolar tinglanib, ularning aksariyati joyida hal etilgani, iste’molchilar huquqi va iste’molchi madaniyati yuzasidan atroflicha fikr almashilgani ayni muddao bo‘ldi.

Loyiha doirasida Termiz shahridagi 12-Mehribonlik uyida ham xuddi shunday uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir yakunida Mehribonlik uyi kutubxonasiga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 843