Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.09.2017 17:23 Chop etish versiyasi

Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydon yurtdoshlarimiz hamda xorijlik mehmonlar bilan gavjum

Samarqand shahrida 2-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning haykali tantanali ravishda ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi va nutq so‘zlashi barcha samarqandliklarni to‘lqinlantirib yubordi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Birinchi Prezidentimiz butun O‘zbekistonimiz kabi, uning bebaho gavhari bo‘lgan Samarqand zaminini farzandlik mehri bilan chin dildan sevar edi. Samarqandni dunyodagi eng go‘zal shaharlardan biriga, haqiqatan ham yer yuzining sayqaliga aylantirish yo‘lida ulkan ishlarni amalga oshirdi.

– Qariyb uch ming yillik tarixga ega Samarqand o‘z o‘tmishi davomida ko‘p voqealarga guvoh bo‘lgan, vayronagarchilik va bunyodkorliklarni boshdan kechirgan, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi H.Normurodov. – Ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur davrida Samarqand nafaqat qudratli davlat poytaxti, balki ilm-fan va madaniyat markazi sifatida dunyo miqyosida dovruq qozondi. Temuriylardan so‘ng bu shahar boshiga yana ko‘p kulfatlar tushgan bo‘lsa-da, oradan olti asr o‘tib shu zaminning asl farzandi, buyuk bunyodkor Islom Karimov Samarqandning shuhratini olamga yoydi. Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq shaharda misli ko‘rilmagan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari boshlandi. Bu sa’y-harakatlar avvalo, sobiq tuzum davrida xalqimiz qalbidan xotirasini o‘chirishga urinilgan Sohibqiron Amir Temur nomini ulug‘lash, buyuk ajdodimiz xotirasini uning sha’nu shavkatiga munosib tarzda o‘z o‘rniga qo‘yish bilan boshlandi. Odamlar ko‘zidan yashirish maqsadida turli bino va inshootlar orasida qolib ketgan Amir Temur maqabarasi atrofi obod qilinib, ko‘rkam xiyobon tashkil etildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning g‘oya va tashabbuslari asosida Sohibqiron bobomizning ulug‘vor siymosi aks etgan haykali o‘zi bunyod etgan obidalarga mamnun boqib turgandek o‘rnatildi. Ulug‘ Yurtboshimiz Registon maydoni atrofi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda yodgorlik majmui, Imom Moturidiy, Hazrati Xizr ziyoratgohlari va shaharning boshqa hududlarida ham bunday bunyodkorlik ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Bugun Registon maydoni yonida u kishiga o‘rnatilgan haykalga qarab, Islom Karimov ham o‘z ona shahrini yanada obod qilib, bag‘rikeng va bunyodkor xalqimizga buyuk kelajakni barpo etishda ruhiy madad berib turgandek tuyuldi nazarimda.

Buyuk Yo‘lboshchimiz siymosi aks etgan haykal o‘rnatilganidan buyon bu yer yurtdoshlarimiz, xorijlik mehmonlar bilan yanada gavjum. Ular Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, ulug‘ inson xotirasiga hurmat-ehtirom bajo keltirmoqda.

– Kecha televizorda Samarqandda Islom Karimov haykali ochilish marosimini ko‘rib, ushbu maskanni ziyorat qilish, Birinchi Prezidentimizni yod etish uchun keldik, – deydi Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida yashovchi Xolboy Mardayev. – Dunyoga mashhur Registon maydoniga munosib, ulug‘vor haykal bo‘libdi. Buyuk Yurtboshimiz haykali poyi gullarga to‘lib ketgani, bu yerdan kishilar qadami uzilmayotgani xalqimizning u kishiga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, xotirasiga yuksak hurmat-ehtiromi ifodasidir. Oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin bugungi va kelajak avlodlar Islom Karimovni O‘zbekiston deb atalmish mustaqil davlatning asoschisi, uzoqni ko‘ra olgan dono siyosatchi sifatida yod etadi.

– Haykalning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev biz – hammamiz, egallab turgan vazifamiz, kasbimizdan qat’i nazar, o‘zimiz faoliyat ko‘rsatayotgan sohada Vatanimizga, xalqimizga, Birinchi Prezidentimizga doimo munosib bo‘lishimiz kerak, deb ta’kidladilar, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi faoli Farangiz Xudoyorova. – Bu fikrlar, ayniqsa, biz, yoshlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yukladi. Chunki, Birinchi Prezidentimiz bizni farzandlarim, der edilar, bizning hech kimdan kam bo‘lmasligimiz uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib, marrani baland olib yashashga da’vat etardilar. Farzandlar ota-onalari ishonchini oqlash, ular sha’nini himoya qilishga intilgani kabi biz ham Islom Karimov farzandlari degan nomga munosib bo‘lishimiz, u kishi boshlagan ishlarni davom ettirishimiz va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishonchini oqlashimiz lozim.

Haykal o‘rnatilgan maydonga Samarqand shahridagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari, talabalarning sayohati uyushtirilib, Birinchi Prezidentimizning ibratli hayoti, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi jo‘shqin faoliyati haqida hikoya qilib berilmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 178






Все о погоде - Pogoda.uz