O‘zA O`zbek

05.04.2018 15:44 Chop etish versiyasi

Islom dinining asl mohiyatini targ‘ib qilish – dolzarb masala

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diniy soha xodimlari, imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari uchun "Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash va islom dini ma’rifatini tarqatishda diniy soha xodimlarining o‘rni" mavzuida video-konferensiya shaklida ilmiy-o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Islom akademiyasi rektori N.Ibrohimov, filologiya fanlari doktori, professor U.Normatov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi T.Malik, Islom akademiyasi kafedra mudiri, "Islom tafakkuri" jurnali muharriri X.Do‘stmuhammad va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda muqaddas dinimiz sofligini saqlash, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, qadamjolarni obod etish, yangi masjid-madrasalar, ilmiy markazlar barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Muqaddas dinimizning tinchlik, bag‘rikenglik va ezgulik dini ekanini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida targ‘ib qilishda ushbu soha vakillarining zarur bilim va salohiyatga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bugun din niqobi ostidagi turli buzg‘unchi guruhlar tomonidan dunyoda yovuz harakatlar sodir etilayotgan murakkab vaziyatda bu o‘ta dolzarb masaladir.

Davlatimiz rahbarining shu yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi 285 nafar imom-xatibni 5 guruhga bo‘lgan holda, hududlardagi ta’lim muassasalarida o‘quv seminarlari tashkil etilgan edi. Bugungi ilmiy-o‘quv seminari mazkur ishlarning uzviy davomi bo‘lib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan diniy soha xodimlari ishtirok etdi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, Islom dinining asl mohiyatini targ‘ib qilishda soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish, joylarda turli salbiy guruhlar ta’siriga tushib qolish xavfi bor fuqarolar bilan ishlash, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari ta’sirchanligini oshirish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda har bir diniy soha xodimi o‘z hissasini qo‘shishini ta’minlashdan iborat.

Tadbirda "Islom dini ma’rifatini tarqatishda diniy soha xodimlarining dolzarb vazifalari", "O‘zbekiston Islom akademiyasining tashkil etilishi yurtimizda diniy ta’lim sohasidagi islohotlar mahsuli", "XX asr o‘zbek adabiyotida islomiy mavzular", "Jaholatga qarshi kurash jabhasida ziyolilarning, xususan, badiiy adabiyotning o‘rni", "Diniy jurnalistikaning shakllanishi" kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
6 026