Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 07:39 Chop etish versiyasi

Islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlarning zamirida yosh avlod komil bo‘lib ulg‘aysin, o‘g‘il-qizlarimiz biz erishmagan yutuqlarni qo‘lga kiritsin, bizdan ko‘ra farovon yashasin, baxtiyor bo‘lsin, Vatanimiz dunyodagi yetakchi davlatlardan biriga aylansin, degan ezgu va olijanob maqsad, niyat mujassamdir.

Keyingi bir yilda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan ishlarning salmog‘i necha o‘n yillarga tatiydi. Biz orzu qilib yurgan, ammo aytolmagan g‘oyalar, istaklar ro‘yobga chiqmoqda. Masalan, ulardan biri – o‘n bir yillik ta’limning joriy qilinishi. Bu yoshlarning va ota-onalarning ayni ko‘nglidagi muammo edi. Ayniqsa, qishloqlarda o‘z qadrdon maktabidan mosuvo bo‘lib, mahallasidan ancha uzoqda joylashgan kollejlarga qatnab, qiynalib o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlarni ko‘rib. ularga rahmimiz kelardi.

Prezidentimiz tomonidan 2018-yil 28-fevralda qabul qilingan «Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni aytmaysizmi? Bu shu sohada arzimas maoshga ishlab kelayotgan, umrini bola tarbiyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan necha o‘n minglab fidoyi tarbiyachi-xizmatchilarni xursand qildi. Ularga yangi kuch-g‘ayrat, ilhom bag‘ishladi.

Men yosh o‘qituvchi, ona sifatida Prezidentimizning bu qarorini to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Maktabda ishlash jarayonida bilayapmanki, pedagoglik nihoyatda ulug‘ va mo‘tabar, ayni chog‘da mas’uliyatli kasb. Senga tikilib, e’tibor bilan tinglayotgan chaqnoq va chanqoq ko‘zlar, beg‘ubor qalblar oldidagi majburiyat, ularning kelajagi, ertasi ko‘p jihatdan senga bog‘liqligini his qilish kishiga benihoya katta faxr bag‘ishlaydi. Izlanishga, yangi adabiyotlar bilan tanishishga, tajribangni oshirishga, dars jarayonida yangi, zamonaviy uslublardan foydalanishga undaydi. O‘qiganlaring, bilganlaring kamlik qilganday tuyulaveradi.

Biz anglab turibmizki, ta’lim-tarbiya davlatimiz rahbarining doimiy e’tiboridadir. Bu sohaga oid qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, boshqa hujjatlar bugun mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yaqin kelajakda ulkan mo‘jizalar, yorqin samaralar berishiga ishonch uyg‘otadi. Bu ishonch bizni yanada faolroq bo‘lishga, vijdon bilan ishlashga chorlaydi.

Hulkar G‘afforova,
Qarshi shahridagi 39-umumta’lim
maktabining ingliz tili o‘qituvchisi.

O‘zA
4 156