Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 16:15 Chop etish versiyasi

Ishoqxon To‘ra Ibratning ibratli ishlari

Namangan viloyati o‘lkashunoslik muzeyida ulkan ma’rifatparvar Ishoqxon To‘ra Ibratning milliy taraqqiyotimizga qo‘shgan hissasi, ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati saylovchilari bilan saylovoldi uchrashuvidagi nutqida viloyatda tug‘ilib o‘sgan va milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz, san’atimiz, ilm-fanimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ma’rifatparvarlar haqida gapirar ekan, “Milliy uyg‘onish davrining yetuk namoyandalaridan biri, Vatan va xalq istiqloli uchun jonini fido qilgan ulug‘ bobomiz Ibrat domla haqida to‘xtalib o‘tishni o‘rinli deb bilaman”, degan edi.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ijodkorlar, Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning ma’ruzasi mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, yuqoridagi fikrlar Ishoqxon To‘ra Ibratning viloyat ma’naviy-ma’rifiy hayoti, mamlakatimiz tarixida tutgan o‘rniga berilgan yuksak baho ekani ta’kidlandi.

Darhaqiqat, XIX asrda To‘raqo‘rg‘onda tug‘ilgan Ishoqxon To‘ra Ibrat arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan, qadimiy finikiya, yahudiy va yunon yozuvlarini o‘rgangan. Bilimini boyitish maqsadida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib, turli xalqlar tarixi va madaniyatini tadqiq qilgan, Sharq va G‘arb ilm-fani, madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishgan. Dunyo tamaddunining ilg‘or madaniyati, fan va texnika yangiliklaridan yurtdoshlarimiz ham bahramand bo‘lishi yo‘lida sidqidildan mehnat qilgan.

1908-yili Orenburg shahridan bosmaxona uskunalari keltirib, “Matbaai Ishoqiya” bosmaxonasi (“Ishoqiya bosmaxonasi”)ni tashkil etgan. 1960-yilgacha faoliyat ko‘rsatgan ushbu bosmaxonada ko‘plab ilmiy-ma’rifiy kitoblar, risolalar, gazeta va jurnallar chop etilgan.

Ibrat o‘nlab kitob do‘konlari, kutubxona va maktablar ochgani, bog‘lar yaratgani Farg‘ona vodiysi ijtimoiy hayotida muhim iz qoldirgan bo‘lsa, u yaratgan olti tilli lug‘at, ilmiy-pedagogik va badiiy asarlar o‘z davrida talabalar uchun g‘oyat zarur manba bo‘lib xizmat qilgan.

– Ibratning sa’y-harakatlari bilan Namanganning bir asr avvalgi qiyofasi qanday bo‘lgani, ota-bobolarimizning turmush tarzi, liboslari haqida hikoya qiluvchi suratlar, noyob tarixiy lavhalar bizgacha yetib kelgan, – deydi yozuvchi va publitsist Lutfullo Mahmudov. – Chunki fotoapparat va boshqa suratga olish anjomlarini Farg‘ona vodiysiga fan-texnika yangiligi sifatida birinchi bo‘lib Ibrat domla olib kelgan.

Prezidentimizning yuksak e’tibori bilan Ishoqxon To‘ra Ibratning xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari o‘zining munosib e’tirofini topdi. Bugungi kunda viloyatda ulug‘ bobomiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. To‘raqo‘rg‘on tumanida Ibrat xiyoboni va bog‘ yaratish, Ibrat nomidagi muzey va viloyatda uning nomi bilan xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktab tashkil etish kabi loyihalar ustida ish olib borilmoqda.

Anjumanda Ishoqxon To‘ra Ibratning hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzalar tinglandi. Ibrat sayohat qilgan Sharq va G‘arb mamlakatlari bo‘ylab ilmiy ekspeditsiya uyushtirish taklifi ilgari surildi va bu borada tegishli chora-tadbirlar kelishib olindi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 785






Все о погоде - Pogoda.uz