Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2018 16:02 Chop etish versiyasi

Ishonchimni oqlagan o‘g‘lim bilan faxrlanaman!

Ishonchimni oqlagan o‘g‘lim bilan faxrlanaman! Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan buxorolik askar yigitlarning navbatdagi guruhi Kogon shahridagi Buxoro temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.

Prezidentimizning 2018-yil 13-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi xodimlari, ota-onalar ishtirok etdi.

5.JPG

Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida uning professional salohiyati oshib borayotgani, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashda milliy armiyamiz oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir yigitlarni saralash tizimi yaratilgani ta’kidlandi.

Ota-ona uchun farzandining Vatan oldidagi muqaddas burchini sharaf bilan ado etishi quvonchli, albatta.

– Bir yil ilgari o‘g‘lim Dilshodjonni orzular bilan armiyaga kuzatgan edik, – deydi Romitan tumanilik D.Majidova. – Bugun farzandim ishonchimizni oqlab, bag‘rimizga qaytdi. Bu oilamiz uchun nihoyatda quvonchli voqea. O‘tgan davrda o‘g‘lim ancha ulg‘ayibdi, fikrlashi ham jiddiy.

7.JPG

Yurtimizda muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlatimizning doimiy e’tiborida. Ularga berilayotgan imtiyozlar doirasi kengayib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 4 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2012 yil 31 maydagi PQ-1765-sonli qaroriga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarori askar yigitlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

– Men harbiy xizmatdan ilgari Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga o‘qishga kirish uchun hujjatlarimni topshirgan edim, – deydi Shofirkon tumanilik Bekmirzo Mavlonov. – Ammo test sinovlarida yetarli ball to‘play olmadim. Muddatli harbiy xizmatni a’lo darajada o‘taganim va jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, mantiqiy fikrlash hamda fizika va matematika fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarida yaxshi natijalarga erishganim uchun menga harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasi berildi. Unga ko‘ra, oliy o‘quv yurtiga kirishda to‘plagan ballimning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ballga ega bo‘laman. Bu oliy o‘quv yurtiga kirishimda yaxshi imkoniyatdir.

E’tiborlisi shundaki, harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlarning qaysi biri bilan suhbatlashmang, ular o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yganligi, yurtga xizmat qilish, jamiyatda munosib o‘rin topishga ahd qilganini faxrlanib aytadi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) O‘zA
8 097