O‘zA O`zbek

04.05.2018 12:41 Chop etish versiyasi

Ish samaradorligi yanada oshadi

Ish samaradorligi yanada oshadi Qashqadaryo viloyati iqtisodiy sudi yangi binoda faoliyat boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov va boshqalar sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar odil sudlov va qonun ustuvorligini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi sud-huquq tizimi moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, hududlarda yangi sud binolari qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda. 

4.jpg

Sud-huquq tizimida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli soha xodimlarining mehnat sharoiti yaxshilanayotgani sud tizimi samaradorligi va fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilayotir.

– Qariyb 35 yil sud tizimida ishlaganman, – deydi mehnat faxriysi Parda Eshmatov. – U paytlarda bugungidek qulaylik bo‘lmagan, soha xodimlarining ijtimoiy himoyasiga e’tibor berilmagan. 5-6 sudya bir xonada o‘tirib ishlardik. Bino qishda sovuq bo‘lsa, yozda issiqdan o‘tirib bo‘lmasdi. Bitta sudda 13 nafar sudya ishlasa, hammasigaatigi bitta sud zali bo‘lgan. Tabiiyki, bu ish samaradorligiga juda ta’sir qilardi. Bugun viloyat iqtisodiy sudiga qurib berilgan binoni ko‘rib havasim keldi. Qonun himoyachilari uchun ham, fuqarolar uchun ham barcha sharoit yaratilgan. 

1 (1).jpg

Yangi binoda “Choshtepa chashmasi” korxonasi tomonidan 6 milliard 68 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

– Binoda mavjud 4 kichik va 1 katta sud zali xo‘jalik nizolarini ko‘rib chiqishda dastlabki va apellyatsiya instansiyasi ishlarini muhokama etish jarayonini tez va sifatli amalga oshirish imkonini beradi, – deydi viloyat iqtisodiy sudi sudyasi J.To‘xtamishev. – Shuningdek, prokuror, advokatlar xonalari, fuqarolarni qabul qilish xonalari sovutish va isitish uskunalari bilan ta’minlangan. Albatta, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik, bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlar zimmamizdagi mas’uliyatni ikki hissa oshiradi. Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashda fidoyilik bilan ishlashga va’da beramiz.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov(surat) O‘zA
6 393