Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 18:34 Chop etish versiyasi

Iqtidorli o‘quvchilar uchun imkoniyat

Shu kunlarda yurtimiz umumta’lim maktablarida 9-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fanlar olimpiadasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Maktab o‘quvchilarining bilim darajasini aniqlash, umumta’lim fanlariga qiziqishini yanada oshirish va ularni rag‘batlantirish maqsadida har yili yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida fanlar olimpiadasi o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishicha, 2017-yilning noyabr-dekabr oylarida 19 ta fan yo‘nalishida olimpiadaning dastlabki – maktab bosqichi o‘tkazildi. Unda yurtimiz umumta’lim maktablari 9-10-sinflarining 560 mingdan ortiq o‘quvchisi qatnashdi. Ayni kunlarda olimpiadaning tuman bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. 160 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri bosqichi yo‘llanmasi uchun kuch sinashmoqda.

O‘quvchilarning o‘z bilim va imkoniyatlarini to‘laqonli namoyon etishi uchun olimpiada o‘tkazilayotgan umumta’lim maktablarining auditoriyalari talab darajasida jihozlanib, zarur sharoitlar yaratildi. Xususan, poytaxtimizdagi 61-umumta’lim maktabi mezbonlik qilayotgan Yashnobod tumani bosqichini oladigan bo‘lsak, o‘quv-laboratoriya xonalari hamda zarur jihozlarning shayligi o‘quvchilarga amaliy sinov jarayonida qulaylik yaratmoqda. Unda Yashnobod tumanidagi barcha maktablardan 700 nafarga yaqin o‘quvchi o‘zaro bahs olib bormoqda.

Bo‘lib o‘tayotgan fanlar olimpiadasi qatnashchilari birinchi kuni yozma va og‘zaki tarzda sinovdan o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi kuni test savollariga javob qaytardi. Ularning ishini xolisona baholash, eng munosiblarni aniqlash uchun malakali, tajribali pedagoglardan tarkib topgan hakamlar hay’ati shakllantirilgan. Sinovlar yuqori saviyada o‘tishi uchun barcha sharoit yaratildi. Hakamlar hay’ati va apellyatsiya komissiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Fanlar olimpiadasining tuman bosqichida yuqori ko‘rsatkich qayd etib, 1-, 2- va 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar joriy yilning mart oyida o‘tkaziladigan keyingi bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA
10 245