Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.04.2018 23:27 Chop etish versiyasi

Iqlimni barqarorlashtirish bo‘yicha innovatsion usullar joriy etilmoqda

Qoraqalpog‘iston shimolida golofit tipida oziqlanadigan quruqlikka chidamli ko‘p yillik o‘simliklar ko‘chati yetishtiriladigan ko‘chatxona barpo etiladi. Bu hududning murakkab tabiiy-iqlim sharoitiga tez moslasha oladigan o‘simliklar turini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda dunyoda iqlimning sezilarli darajada o‘zgarishi kuzatilmoqda. Bu ma’lum darajada dehqonchilikka ta’sir ko‘rsatadi va qishloq xo‘jaligida yerni qayta ishlash samaradorligini oshiradigan, suv resurslaridan oqilona foylanish imkonini beradigan yangi ekologik toza texnologiyalar yaratish va ulardan foydalanishni taqozo etmoqda.

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston shimolida shunday usul va texnologiyalar faol joriy etilmoqda. BMT Taraqqiyot dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati hamda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Moslashish jamg‘armasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarida iqlim barqarorligini ta’minlash” qo‘shma loyihasi doirasida bu yerda suv taqchilligi va qurg‘oqchilik yuzaga kelishi xavfini kamaytiradigan sharoitlar yaratildi, dalalarni lazer yordamida rejalashtirish, boshlang‘ich ishlov berish, sideral, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar yetishtirish kabi yangi agrar va suv tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati bosh direktori vazifasini bajaruvchi K.Oripovning aytishicha, iqlim o‘zgarishi bugungi kundagi global muammolardandir. Bu O‘zbekistonning ayrim hududlarida ham sezilmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida global iqlim o‘zgarishi va Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bois, mamlakatimizda tabiiy ofatlarning barvaqt oldini olish, qurg‘oqchilik va suv toshqinlarini prognozlantirish tizimiga sarmoya kiritish orqali iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha choralar qabul qilinmoqda.

“O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarida iqlim barqarorligini ta’minlash” loyihasi mutaxassislari tomonidan zaiflik bo‘yicha shartli indekslar ishlab chiqildi. Unga muvofiq, iqlim o‘zgarishlariga chidamli fermer va dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uslublarini ishlab chiqish va namoyish etishga mo‘ljallangan beshta tuman tanlab olinadi.

Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonning kuzatuv meteorologik tarmog‘i butunlay avtomatlashtirildi. Amudaryoning quyi oqimidagi o‘nta meteostansiya va ikkita muhim gidrologik post modernizatsiya qilindi, kunu tun monitoring o‘tkazish va olingan ma’lumotlarni real vaqt rejimida o‘rganish imkonini beruvchi yangi uskunalar o‘rnatildi. Yaratilgan texnik baza qurg‘oqchilikni erta aniqlash bo‘yicha zamonaviy tizim barpo etish uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Ayni paytda ushbu tizim qurg‘oqchilikni 3 oy avval 70-100 foiz barvaqt aniqlash imkonini bermoqda. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston fermerlarining aniq va o‘z vaqtida prognozlardan xabardor bo‘lishi, ularning qurg‘oqchilik kirib kelishiga yanada puxta tayyorlanishiga yordam bermoqda. Hududda tashkil etilgan maslahat-axborot markazlari yanada samarali agrotexnik uslublardan foydalanishni o‘zgartirish imkonini bermoqda. Maydonlarni lazer yordamida rejalashtirish, boshlang‘ich ishlov berish, sideral, sho‘r va qurg‘oqchilikkka chidamli ekinlarni parvarishlaydigan texnologiyalar shular jumlasidandir. O‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Qoraqalpog‘istonning murakkab iqlim sharoitida bunday uslublarni qo‘llash g‘o‘za hosildorligini 30, g‘alla hosildorligini 30-70 foizgacha oshiradi.

Loyiha yaylov va o‘rmonlarni qayta tiklash, quruq iqlim sharoitlariga yaxshi moslashuvchan o‘simliklarni diversifikatsiya qilishga yo‘naltirilgan qator tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

– Joriy yilda biz Qoraqalpog‘istonning to‘rtta tumanida o‘rmon- melioratsiya ishlarini bajarishni rejalashtirganmiz, unga ko‘ra, yuz gektardan ortiq maydonda yaylovlar tiklanadi, – deydi “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarida iqlim barqarorligini ta’minlash” loyihasi rahbari Aleksandr Mirkushkin. – Shuningdek, golofit tipida oziqlanadigan qurg‘oqchilikka chidamli ko‘p yillik o‘simliklar parvarishlanadigan ko‘chatxona barpo etiladi. Teresken, chogon, boyalich va qizilmiya singari bu o‘simliklar yuqori to‘yimlilik qiymatiga ega va qurg‘oqchil sharoitga yaxshi moslashgan. Bu o‘simliklar yerning sho‘rlanish darajasini kamaytirib, uning hosildorligini yaxshilaydi. Masalan, farmatsevtikada keng qo‘llaniladigan qizilmiya o‘simligini yetishtirish va sotish orqali fermerlar yaxshi daromad olishi mumkin.

Bu kabi loyihalarni amaliyotga joriy etish global iqlim o‘zgarishlariga moslashishga xizmat qiladi, Qoraqalpog‘istonning eng qurg‘oqchil hududlaridagi yerlarning unumdorligini oshirishga yordam beradi, fermer va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirishga xizmat qiladi va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
3 028