Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.11.2017 16:28 Chop etish versiyasi

Investitsiyaviy muhitni yaxshilash yo‘lida

Poytaxtimizda Bank moliya akademiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamkorligida “Investitsion va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash O‘zbekistonda jadal iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim sharti sifatida” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi detutatlari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instituti professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodim-izlanuvchilar qatnashdi.

Bank-moliya akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi B.Yoqubov va boshqalar Prezidentimizning 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 12-sentabrdagi Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora–tadbirlari to‘g‘risidagi qarori mamlakatimizda valyutani tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirishga zamin yaratganini ta’kidladi.

Tadbirda mamlakatimiz investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, iqtisodiyotimizning ochiqligi va raqobatbardoshligini oshirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirgan holda xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, investorlarga berilayotgan yengilliklar haqida so‘z yuritildi.

Mamlakatimiz iqtisodiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qulay investitsion va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, shuningdek, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy mutanosiblikni ta’minlamoqda. Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar eksport salohiyatini yuksaltirish, tayyor sanoat mahsulotlarini ko‘paytirish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda o‘z mahsulotlarini eksport qilish uchun Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarida o‘nlab yangi eksport bozorlarini ochdi. O‘tgan 2016-yil mamlakatimizda eksport faoliyatiga qariyb 880 yangi korxona jalb qilingan. Mutaxassislarning fikricha, kelgusida bu ko‘rsatkichlar muttasil ravishda ortib boraveradi. Chet davlatlar bilan savdo-sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash, investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bunga qulay imkoniyat yaratadi.

Davra suhbatida bank tizimining moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlash, istiqbolli investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, yangi turdagi sug‘urta, lizing va boshqa moliyaviy xizmatlar hisobiga kapital hajmini kengaytirish, banklar depozit bazasining kapitalizatsiyasini chuqurlashtirish va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir doirasida Bank moliya akademiyasi hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 326






Все о погоде - Pogoda.uz