Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 14:35 Chop etish versiyasi

Internet va yoshlar

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida axborot texnologiyalarining o‘rni ortib bormoqda. Axborot texnologiyalari rivojlanib, internetdan foydalanuvchilar soni ko‘paygani sayin yoshlarni turli tahdidlardan, yot g‘oyalardan asrash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Andijonda "Axborot xuruji: internet va yoshlar” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda bu alohida ta’kidlandi.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda pedagoglar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta o‘zlashtirishi, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.

Internet tarmog‘idagi ekstremizm va terrorizmni targ‘ib qiluvchi turli oqimlar ta’siriga tushib qolayotganlarning aksariyati hali oq-qorani ajrata olmaydigan, huquqiy bilimi yetarli bo‘lmagan, dunyoqarashi shakllanmagan yoshlar ekani achinarlidir. Hayotga teran nigoh bilan qaraydigan, ma’nan barkamol avlodni tarbiyalashda yoshlarga internet tarmog‘idan to‘g‘ri foydalanish borasidagi tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish, iste’dodini to‘g‘ri yo‘naltirish lozimligi qayd etildi.

– Mamlakatimizda internet tarmog‘i jadal rivojlanib, undan foydalanuvchilar soni kundan-kun ortmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi viloyat bo‘limi mas’ul kotibi A.Asqarov. – Shu bois bugungi tadbirda asosiy e’tibor yosh avlodni internetning xavfli ta’siridan himoya qilish, ularga bu borada to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va yoshlarda tarmoq orqali kirib kelayotgan turli yot g‘oyalarga qarshi immunitetni kuchaytirishga qaratildi.

Tadbirda yoshlarni yot g‘oya va illatlardan asrash, ularni ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash, ogohlik va hushyorlikni oshirish, yoshlarning ma’naviy-axloqiy talablarga javob beradigan saytlarga kirishini nazorat qilishga erishish, internet madaniyatini bolalikdan shakllantirish borasida fikr almashildi.

O‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
3 024






Все о погоде - Pogoda.uz