Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2018 16:13 Chop etish versiyasi

Inspektor 300 dollar bilan qo‘lga tushdi

Ichki ishlar xodimlarini ko‘rganimizda tinchlik va osoyishtalik himoyachisi sifatida ularga ishonch va hurmatimiz oshadi. Zero, mas’uliyatli vazifani bajarayotgan bu soha vakillari tunu kun o‘z xizmat vazifasini sidqidildan bajarmoqda. Afsuski, ular orasida shunday sharafli kasbga dog‘ tushirayotganlar ham uchrab turibdi.

Azizbek Mirzayev Farg‘ona shahar IIB huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi militsiya tayanch punktlari voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Afsuski, nafs qutg‘usi uni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirdi. Ish faoliyati davomida shahar hududidagi ta’lim muassasalari rahbarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan inspektor xizmat mavqeidan foydalanib, "ishbilarmonlik" qilishni rejalashtirdi.

A. Mirzayev 2017-yil iyul oyida tanishi Sh.Akromova o‘g‘lini Farg‘ona shahar 2-tibbiyot kollejiga o‘qishga qo‘ymoqchiligidan xabar topdi. U bunday “o‘lja”ni qo‘ldan boy bermaslik yo‘lini qidirdi. Sh. Akromovaga kollejda tanishlari borligini aytib, o‘g‘lini o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da beradi. Bu ish quruqqa bitmasligiga ishora qilib, “xizmat” uchun vakolatli shaxslarga 300 dollar berishi zarurligini aytadi.

Sh.Akromova huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bilan murojaat qildi. Milliy xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.Mirzayev fuqaro Sh. Akromovadan 300 dollar olayotganida ashyoviy dalil bilan qo‘lga tushadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi A.Mirzayevning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
6 639