Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 16:56 Chop etish versiyasi

Inson ulug‘langan yurt fayzli-barakali bo‘ladi

Inson xotirasi – aziz, qadri – ulug‘. Xalqimizga xos bu muqaddas tushunchalar mustaqillik yillarida milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilib, har birimizning qalbimizdan chuqur joy oldi. Inson xotirasini aziz bilib, ajdodlarimizni yod etish, ularning ezgu amallarini davom ettirish, keksa avlod vakillariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, e’zozlash turmush tarzimizning ajralmas bo‘lagi, mazmun-mohiyatiga aylandi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9-mayning mamlakatimizda umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni deb nomlangani, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz sharafiga poytaxtimizda, viloyat va tumanlar markazlarida Xotira maydonlari tashkil etilishi bu boradagi sa’y-harakatlar davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan ekanini yaqqol ifoda etdi. Bugungi kunda ushbu maydonlar xalqimizning muqaddas qadamjolari sifatida doim ziyoratchilar bilan gavjum. Bu yerdagi xotira kitoblarida nomi bitilgan mard va jasur yurtdoshlarimiz yod etiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini xalqimiz ushbu yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida mamnuniyat bilan qarshi oldi.

– Keksalarga hurmat-ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish ma’naviy hayotimizning ajralmas qismi, xalqimizga xos yuksak fazilatdir, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi H.Normurodov. – Har bir oila, mahalla, korxona va tashkilotda yoshi ulug‘ insonlarga alohida e’tibor bilan munosabatda bo‘lamiz. Qarisi bor uyning – parisi bor, yoshi ulug‘ insonlar yashaydigan uyning fayzu barakasi o‘zgacha bo‘ladi, degan gaplar bekorga aytilmagan. Muhimi, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik davlatimiz ijtimoiy himoya siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyatini boshlagan dastlabki kunlardan ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. 2016-yil 28-dekabrda “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi. Mazkur farmon ijrosi yuzasidan yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 2-fevraldagi qarori bilan pensiyalarni to‘lash tizimi takomillashtirilib, keksalarni o‘ylantirib kelayotgan ko‘p masalalarga ijobiy yechim topildi. Kuni kecha e’lon qilingan farmon va qaror ham mamlakatimizda an’anaga aylangan Xotira va qadrlash kunini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirishga qaratilgan. Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalarni bajarish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari holidan xabar olish, ularga bayram sovg‘alari ulashish, salomatligini mustahkamlash, uy-joyini ta’mirlash, moddiy va ma’naviy yordam uyushtirish borasida jamg‘arma tomonidan ham zarur chora-tadbirlar belgilandi. Bu borada mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat bo‘limlari bilan birga ta’lim muassasalari va mahallalarda, Xotira maydonlarida “Qahramonlik, burch va fidoyilik”, “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” shiorlari ostida keksa avlod vakillari, urush va mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar, Saxovat va Muruvvat uylarida xayriya tadbirlari o‘tkazishni rejalashtirilgan. Viloyatdagi ziyoratgohlar, qabriston va Xotira maydonlarida keng xalq ommasi ishtirokida obodonlashtirish ishlari olib boriladi.

An’anaga muvofiq bu yil ham 300 ga yaqin Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan pul mukofotlari bilan birga hokimliklar, jamg‘arma va boshqa tashkilotlarning esdalik sovg‘alari topshiriladi. Faxriylar tarixiy shaharlarimiz, muqaddas ziyoratgohlarga sayohatga olib boriladi. Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda joylarda keksalar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etiladi, ularga zarur dori-darmon va tibbiy vositalar tarqatiladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

– Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi eng katta boyligimiz, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Bektemir Qarshiboyev. – Shu zaminda yashayotgan har bir inson bu kunlarning qadriga yetishi kerak. Urush davri mashaqqatlari, ro‘zg‘or tebratish tashvishlari, oilalardagi yo‘qotishlarni hech kim ko‘rmasin. Bugun yurtimizda kattayu kichik e’zozda, ertangi kunidan ko‘ngli to‘q hayot kechirmoqda. Ayniqsa, keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan ko‘nglimiz tog‘. Bizni davlatimiz, Prezidentimiz ulug‘layapti, yoshimizga yosh qo‘shyapti. Bundan beadad minnatdormiz. Ilohim, tinch va osuda hayotimizga ko‘z tegmasin.

G‘olib Hasanov, O‘zA
4 165






Все о погоде - Pogoda.uz