Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 10:15 Chop etish versiyasi

Inson manfaatlarining huquqiy kafolati

Mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlashda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlari xodimlari muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni soha faoliyatini yanada takomillashtirish, samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun – inson manfaatlarini ta’minlashning muhim huquqiy kafolati” mavzuida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i B.Matlyubov va boshqalar ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati davlat va jamiyat oldida o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Mazkur soha xodimlari faoliyati fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlash, tinchlik, osoyishtalikni saqlash bilan bevosita bog‘liq.

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun 8 bob, 49 moddadan iborat bo‘lib, ichki ishlar organlarining vazifalari, faoliyatining yo‘nalishlari va prinsiplarini qamrab olgan. Unda ichki ishlar organlari tizimi, mazkur organlarning majburiyatlari va huquqlari, ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi va shartlari, ichki ishlar organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish kabi masalalar tartibga solingan.

Ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari sifatida birinchi bo‘lib fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mustahkamlangani qonunning eng muhim jihatlaridandir.

Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida ham fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish belgilangan.

Qonunda ichki ishlar organlari faoliyatida qonuniylikni ta’minlashga katta e’tibor qaratilib, alohida qonuniylik prinsipi kiritilgan. Unga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga aniq rioya etishi hamda ularni bajarishi shart. Qonunlarni aniq bajarishdan va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra yuz berganidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari mas’ul xodimlari, olimlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda qonunning kuchga kirishi jamiyatda qonun ustuvorligi, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasida yangi bosqichni boshlab berishiga e’tibor qaratildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
277






Все о погоде - Pogoda.uz