Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2017 12:31 Chop etish versiyasi

Inson manfaatlariga yo‘naltirilgan loyihalar

Poytaxtimizda qandli diabetning oldini olish va erta aniqlash usullarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalarga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahridagi «Umid» xayriya jamoat birlashmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda olimlar, shifokorlar, davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar ishtirok etdi.

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Z.Halimova, «Umid» xayriya jamoat birlashmasi raisi N.Ibragimova va boshqalar mamlakatimizda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, tibbiy-profilaktika yordamini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 5-yanvar va 7-fevralda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda sohada olib borilayotgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, tibbiyot tizimini tubdan takomillashtirish borasidagi muhim vazifalarni belgilab berdi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturida tibbiy-ijtimoiy sohani takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatilgan.

«Umid» xayriya jamoat birlashmasining O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirgan qishloq aholisi orasida qandli diabetning oldini olish, erta aniqlash loyihasi ham bu vazifalarni hayotga tatbiq etishda o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Jahon diabet fondi granti asosida 2014-2017-yillarda amalga oshirilgan ushbu loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida ishlaydigan bir ming uch yuz nafardan ko‘proq endokrinolog, kardiolog, oftalmolog va umumiy amaliyot shifokorlarining malakasi oshirildi. Yettita tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarning endokrinolog xonasi komputer, glyukometr va boshqa tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Viloyatlardagi endokrinologiya dispanserlariga biokimyoviy analizatorlar, reagentlar yetkazib berildi. Diabetni barvaqt aniqlash maqsadida aholi orasida skrining tekshiruvi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda hududlarda mahalla maslahatchilari ishtirokida o‘quv-uslubiy tadbirlar tashkil etildi. Bundan maqsad aholi orasida tibbiy-profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda mahalla faollarining salohiyatidan unumli foydalanish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirishdir.

Tadbirda O‘zbekistonda diabetologiya xizmati va uning istiqbollari, bu boradagi xalqaro tajriba, aholi orasida qandli diabetning oldini olish va tibbiy-profilaktika xizmatini yanada rivojlantirish masalalari, xalqaro hamkorlik istiqbollariga oid ma’ruzalar tinglandi.

Qishloq aholisi orasida diabetning oldini olish, kasallikni erta aniqlashga yo‘naltirilgan loyiha natijalari tahlil etildi, davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar hamkorligida bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan istiqboldagi loyihalar xususida fikrlashildi.

Bahor Xidirova, O‘zA
3 167






Все о погоде - Pogoda.uz