O‘zA O`zbek

13.07.2018 20:44 Chop etish versiyasi

Inson huquqlarini ta’minlash: unda jurnalist faoliyatining kafolatlari muhim ahamiyatga ega

Mamlakatimizda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash uchun professional jurnalistikaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Chunki inson huquqlarini ta’minlash, uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, g‘oya va qarashlarini erkin ifodalash bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ham mohiyatan inson omili, uning umume’tirof etilgan haq-huquqlari himoyasini kafolatlashni nazarda tutadi. Unda “jurnalist” tushunchasiga yangi ta’rif berilib, ular faoliyatini amalga oshirish maqsadida axborotni izlash, so‘rash, olish, tahrir qilish va tayyorlashda qo‘shimcha huquqlar kafolatlandi, “jurnalistning professional odob qoidalari instituti” tushunchasi kiritildi. Shuningdek, akkreditatsiyalanganlikdagi huquqlar tartibini belgilash taklif etilib, jurnalistni ommaviy axborot vositalarida axborotni tarqatishda javobgarlikdan ozod etishning aniq mexanizm va mezonlari belgilandi.

Qonunning oldingi tahririda fuqarolar yoki boshqa axborot manbalari tomonidan ixtiyoriy ravishda ma’lum qilingan maxfiy xabar, shuningdek, fakt yoki voqealar jurnalistika sohasining siri hisoblansa-da, unda manbaning nomini oshkor etmaslik sharti ko‘zda tutilmagan edi. Endilikda axborot manba nomini oshkor etmaslik sharti bilan taqdim etgan xabar va faktlar jurnalistika sohasining siri hisoblanib, buni oshkor etmaslik jurnalist majburiyati sifatida belgilandi.

Qonunga mazkur bandning kiritilishi bir tomondan jurnalist faoliyatining kafolatlarini kuchaytirsa, boshqa tarafdan axborot manbasining daxlsizligini ta’minlash va ushbu sohaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashning muhim sharti bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda ayrim hollarda noto‘g‘ri axborot tarqatish, sudning qarori qonuniy kuchga kirmasdan turib, jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatish, aybi sudda isbotlanmagan shaxsni jinoyatchiga chiqarib qo‘yish holatlarining kuzatilayotgani demokratik-huquqiy jamiyatda yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hodisa. Shu sabab milliy jurnalistika sohasida etika institutining joriy etilishi inson sha’ni, qadr-qimmati, daxlsizligini ta’minlash va odob-axloq me’yorlarini tartibga solishda yangi qadam bo‘ldi.

Ta’kidlash kerak, qonunni ishlab chiqishda jurnalistlarni himoya qilish sohasidagi halqaro huquq me’yorlari va yetakchi xorijiy mamlakatlarning qonunchiligi atroflicha o‘rganildi. Chunonchi, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, AQSH, Rossiya, Latviya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi davlatlarning bu boradagi huquqiy asoslari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida"gi xalqaro pakt, “Jurnalistning professional odobi xalqaro tamoyillari”, Rossiya jurnalistining professional odobi kodeksidan foydalanildi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Bosh qomusimizning 27-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek “Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega” ekani, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida belgilanganidek, inson qadr-qimmati uning huquqi bilan bir qatorga qo‘yilishining kafolatidir.

Rasul Kusherbayev,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA
2 661