O‘zA O`zbek

06.03.2018 11:14 Chop etish versiyasi

Innovatsion faoliyat – taraqqiyot garovi

Urganch davlat universitetida “Ishlab chiqarish jarayoniga ilmiy ishlanma va texnologiyalarni tatbiq qilish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish, chekka hududlarda yashovchilarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha zamonaviy suv tozalash texnologiyalari va ilm-fan yutuqlarining o‘rni va hamkorligi” mavzusida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Xorazm viloyati kengashi hamda Xorazm Ma’mun akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan seminarda olimlar, viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi a’zolari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmalari, "Tuyamo‘yin – Urganch" mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish boshqarmasi davlat unitar korxonasi xodimlari, fermerlar, tadbirkorlar hamda partiya faollari, deputatlar ishtirok etdi.

Partiya viloyat kengashi raisi R.Ro‘zmetov mamlakatimizda olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar va innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish, viloyatning eksport salohiyatini va iqtisodiyotini yanada yuksaltirish hamda oliy o‘quv yurtlari infratuzilmasini kuchaytirish, talabalarning innovatsion faoliyatga bo‘lgan qiziqish va intilishini qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchilar va xodimlarning innovatsion faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Seminarda Xorazm Ma’mun akademiyasi va Urganch davlat universiteti olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va ularni amaliyotga tatbiq qilishning samarali jihatlari va boshqa mavzular yuzasidan slaydlar yordamida ma’ruzalar tinglandi.

– Mazkur seminar bugungi kunda viloyatdagi dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda tadbirkorlar tomonidan eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda uchrayotgan muammolarni bartaraf qilishda ilm-fan sohasi qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor isbotladi, – deydi Xorazm viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi B.Quvaqov. – Seminar davomida fermerlar ko‘nikmalarini yanada boyitdi.

Seminar doirasida Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari tomonidan tashkil etilgan innovatsion g‘oyalar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
4 966