Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.07.2018 22:04 Chop etish versiyasi

Imtihon adolatli o‘tdimi?

Imtihon adolatli o‘tdimi?
Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi oliy ta’lim muassasalari aro universal sport kompleksining pavilonida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga kirish imtihoni bo‘lib o‘tdi.

Imtihon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq tashkil etildi. Abituriyentlar imtihonga kirishdan avval tegishli tartib-qoidalar asosida tekshiruvdan o‘tkazildi.

– Qurolli Kuchlar akademiyasiga kirish istagida uzoq vaqt tayyorlandim, – deydi Buxoro viloyatidan kelgan abituriyent Oqiljon Sayfiyev. – Imtihon shaffof, adolatli o‘tdi, deya olaman. Nazorat qattiq, “shpargalka”lardan foydalanish u yoqda tursin, hatto bir-biriga yordam berishga uringan abituriyentlar ham imtihondan chetlashtirildi. Hamma bir joyda bo‘lgani sabab umumiy nazorat ham kuchli edi. Ajratilgan uch soat tugaganidan so‘ng darhol test varaqalari yig‘ib olindi.

Joriy yil Qurolli Kuchlar akademiyasiga mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan. Bundan tashqari, Shayxontohur tumanidagi Respublika ko‘rgazma savdo markazida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga kirish imtihoni tashkil etildi.

Inobat Ahatova, O‘zA 

Temur Mamadaminov olgan surat
4 576