Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 22:34 Chop etish versiyasi

Ikki qardosh xalq vakillarining uchrashuvi

Ikki qardosh xalq vakillarining uchrashuvi
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Andijon viloyati hamda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyevning taklifiga binoan 5-6-sentabr kunlari ushbu mamlakatda davlat tashrifi bilan bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish kabi xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan qator kelishuvlarga erishildi.

Qirg‘iziston Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan qirg‘iz millatiga mansub yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik va yoshlar ishtirokida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari uchrashuvidan keyin tashkil etilgan mazkur tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, O‘sh viloyati gubernatori T.Saribashev, O‘sh shahri meri A.Qadimboyev xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari qadim tarixga ega bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yuqori bosqichga ko‘tarishda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.

Davlat rahbarlari uchrashuvida erishilgan kelishuvlar asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan, tili, dini va dili bir ikki qardosh xalqni behad quvontirdi.

6 (1).JPG

– Men qirg‘iz millatiga mansub O‘zbekiston fuqarosiman va bundan faxrlanaman, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi 10-umumta’lim maktabi qirg‘iz tili o‘qituvchisi Xonoyim Arziyeva. – Qirg‘izistonda qarindoshlarim ko‘p. Biz asrlar davomida qo‘shni bo‘lib yashaganmiz, Qirg‘izistonga qiz berib, qiz olganmiz. Keyingi yillarda ular bilan bordi-keldi qilishda ayrim qiyinchiliklar yuzaga kelgan edi. Xalqlarimizni yanada yaqinlashtirgani, o‘zaro aloqalarimizni rivojlantirishda keng imkoniyatlar ochgani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan cheksiz minnatdormiz. O‘zbekistonimizda turli millat vakillarining o‘z tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Shunday bag‘ri keng, ozod va obod yurtda yashayotganim uchun Yaratganga shukronalar aytaman. Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin.

– Bugungi uchrashuv ikki qo‘shni xalq o‘rtasidagi haqiqiy do‘stlik bayramiga aylanib ketdi, – deydi Qirg‘iziston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “O‘sh” xalqaro almanaxi bosh muharriri Salima Sharipova. – Mana shu kunni xalqlarimiz ko‘p yillar kutib yashadi. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan endi qo‘shnichilik munosabatlarimiz, hamkorligimiz yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga ishonamiz. Bundan ikki xalq ham faqat naf ko‘radi.

– Men uch marta Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatligiga saylanganman, – deydi o‘shlik mehnat faxriysi Muqambek Aliqulov. – Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yangicha mazmun kasb etayotganidan boshimiz ko‘kka yetmoqda.

– Viloyatimizda qirg‘iz millatiga mansub aholi ko‘p, – deydi Andijon viloyati Qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbari Obidjon Nosirov. – Tangriga shukr, bag‘ri keng va obod O‘zbekistonda yashaymiz. Milliy an’analarimizni rivojlantirish, ona tilimizda o‘qish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bugungi kunda viloyatimizdagi 20 dan ortiq umumta’lim maktabida qirg‘iz tili o‘qitiladi, Andijon davlat universiteti filologiya fakultetining qirg‘iz tili va adabiyoti yo‘nalishida 70 dan ortiq yosh tahsil olmoqda. Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi qo‘shnichilik munosabatlari yanada rivoj topayotganidan, ayniqsa, biz juda xursandmiz. Buning uchun davlatimiz rahbaridan behad minnatdormiz.

Uchrashuv yakunida badiiy jamoalar, yosh san’atkorlar ishtirokida "Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin!" deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi. 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umurzoqov (surat), O‘zA
2 966






Все о погоде - Pogoda.uz