O‘zA O`zbek

12.06.2018 20:58 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy sohadagi xalqaro hamkorlik

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida “O‘zbekistonda ijtimoiy ish sohasidagi ta’lim va amaliyotni mukammallashtirish” deb nomlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Bolaga e’tibor uning kelajagiga e’tibordir. Mamlakat istiqboli uchun qayg‘urish bolaga g‘amxo‘rlikdan boshlanadi. Murg‘ak farzandning beg‘ubor orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, uning har tomonlama komil inson bo‘lib voyaga yetishiga ko‘maklashish har qanday jamiyatda asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolaveradi. Mamlakatimizda ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston bilan YUNISЕF o‘rtasida ijtimoiy muhofaza sohasidagi hamkorlik natijasida “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi. Bola huquqlari himoyasini izchil davom ettirish bo‘yicha hamkorlik dasturlari ishlab chiqilib, muntazam amalga oshirilmoqda.

YUNISЕF O‘zbekistondagi faoliyati davomida butun mamlakat bo‘ylab bolalar uchun eng maqbul yashash sharoitlarini yaratish, jumladan, yuqori sifatli ta’lim olish, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan bahramand bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy muhofazani yanada kuchaytirish hamda yosh avlod o‘z oilasida ulg‘ayishi va kamol topishiga ko‘maklashish kabi xayrli ishlar bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Konferensiyada ijtimoiy zaif oilalarga ko‘mak berish va har bir bolaning yashash huquqi hamda ularga nisbatan zo‘ravonlik, kamsitish va beparvolikka qarshi kurashish choralarini kuchaytirish, yangi dastur bo‘yicha tegishli vazirliklarning faoliyatini baholash, ijtimoiy sohada standart operatsion tartib-qoidalarni ishlab chiqish, ijtimoiy ish sohasi bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan fikr almashildi.

– O‘zbekistonda ijtimoiy sohaga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Bu borada yaxshi qonunchilik bazasi shakllangan, – deydi YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. – Bizning hamkorligimiz O‘zbekistondagi ijtimoiy soha sifatini oshirish va ularni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Fayyoz Achilov, O‘zA
2 483