O‘zA O`zbek

09.02.2018 18:27 Chop etish versiyasi

Ichkilik jinoyatga sabab bo‘ldi

Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish sog‘liq uchun zarar. Me’yoridan ortiq ichkilik har qanday insonni aqlidan ayiradi. Buning natijasida jinoyat ko‘chasiga kirib qolish ham hech gap emas. Jinoyatlar tahliliga nazar tashlansa, aynan ichkilik oqibatida sodir etilgan jinoyatlarning aksariyatida ayblanuvchi voqea paytida o‘z xatti-harakatini bilmaydi.

2017-yilning 19-noyabrida A.I. tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida do‘sti D. bilan ko‘rishadi. Ikkovlon Olmazor tumanidagi Tansiqboyev dahasida joylashgan bozorchada 0,5 litr aroq bilan ulfatchilik qilishadi. “Yarimta” bilan ko‘ngillari joyiga tushmaydi, shekilli, Keles tumanida yashovchi do‘stlari R.ning uyiga borishadi. U yerda ikki litrga yaqin aroq ichishadi. Natijada A.I. o‘zini bilmas darajada mast bo‘lib qoladi.

U uyiga qaytayotib, bozor yonida ochiq holda qoldirilgan "Damas" rusumli avtomashinani uy kalitlari yordamida o‘t oldiradi va mast holda uyi tomonga haydaydi. Avtomashina egasi bozordan chiqib, mashinasi yo‘qligini biladi va darhol ichki ishlar idorasiga xabar beradi. Olmazor tuman IIB o‘tkazgan tezkor tadbir natijasida A.I. uyi tomon harakatlanayotganda qo‘lga olinadi. Ertasi kuni bu haqda A.I.dan so‘ralganda, hech narsani eslay olmasligini aytadi.

A.I. “Hasanboy ota non” mas’uliyati cheklangan jamiyatida transport bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, o‘sha kuni "Damas" avtomashinasini korxonaning avtomobiliga adashtirgan. Ya’ni "Damas"ni qo‘l ostidagi xodimlarining avtomashinasiga o‘xshatgan va haydab ketgan.

Toshkent shahar Olmazor tumani Guruchariq mahallasi binosida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida mazkur jinoyat ishi hujjatlari o‘rganib chiqildi. Sudlanuvchi qilgan jinoyatiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan qattiq pushaymonligini bildirdi, suddan yengillik berishni so‘radi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tumani sudi A.I.ga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Farzandining qilmishidan ota-ona qon yig‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, insonni faqat jazolash emas, jinoiy holatlarni tug‘diradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak. Ota-onada nima ayb, axir ular farzandini jinoyatchi bo‘lsin deb voyaga yetkazmaydi-ku! Agar ayblanuvchi ozodlikdan mahrum etilsa, farzandlarining holi ne kechadi?

Sud majlisida A.I. yashaydigan mahalladan faollar ishtirok etib, uning adashgani, bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgani, jinoyatni qasddan qilmagani, bundan oldin jinoyat sodir etmagani, uni bu yo‘ldan qaytarish, qayta tarbiyalash mumkinligi va buni mahalla faollari zimmasiga olishini bildirdi.

Sudda jabrlanuvchining mahkumga nisbatan da’vosi yo‘qligi, aybdor qilmishidan astoydil pushaymon ekanligi, shuningdek, yashaydigan mahallasi faollarining kafilligi, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olgan holda, A.I.ga nisbatan ikki yil sinov muddati tayinlanib, u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

– Bu jinoyatni ichkilikning oqibatida bilmay qilib qo‘ydim, – deydi A.I. – Qilmishimdan mingdan-ming pushaymonman. Oilam, mahalla-ko‘y oldida uyatga qoldim. Endi spirtli ichimlik iste’mol qilmayman. Shuni bildimki, ichkilik insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirarkan.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
8 258