Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 22:10 Chop etish versiyasi

Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitalida ko‘rgazmali tibbiy amaliyot bajarildi

Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitalida ko‘rgazmali tibbiy amaliyot bajarildi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaziy gospitalida Ukrainaning otiatrlar, otonevrologlar va otoneyrojarrrohlar uyushmasi vitse-prezidenti, Ukraina tibbiyot fanlari milliy akademiyasining professori A.Kolomiychenko nomidagi Otolaringologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, professor Oleg Borisenko ishtirokida seminar va namunali tibbiy amaliyot bajarildi.

Ukrainalik mutaxassis mamlakatimiz IIV tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan hamkasblari huzurida dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.

10.JPG

– Oleg Nikolayevich o‘z sohasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri hisoblanadi, – deydi IIV tibbiyot boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Shahlo Abdullajonova. – Uning quloq mikrojarrohligi sohasida erishgan yutuqlari xalqaro miqyosda tan olingan. Shu bois bunday mutaxassis ishtirokidagi seminar va amaliyotlar tibbiyot xodimlarimizning kasb mahoratini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimiz va ukrainalik otiatrlar o‘rtasida tajriba almashish ko‘p jihatdan professor Oleg Borisenko hamda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori Shavkat Omonovning yaqin hamkorligi samarasida yo‘lga qo‘yilgan. Yurtdoshimiz ham Kiyevga tez-tez borib, bemorlarning eshitish qobiliyatini tiklash bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazishga doir tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.

11.JPG

– Har safar O‘zbekistonga katta mamnuniyat bilan kelaman, – deydi professor O.Borisenko. – Mustaqillik yillarida mamlakatingiz ko‘p sohalarda, jumladan, tibbiyot sohasida ham ulkan yutuqlarga erishdi.

Ichki ishlar vazirligining mazkur tibbiyot muassasasida murakkab mikrojarrohlik amaliyotlari “OPMI Sensera” mikroskopi yordamida bajarilmoqda. Professor O.Borisenko hamda ukrainalik yetakchi ilmiy xodim, tibbiyot fanlari doktori I.Srebnyak ishtirokidagi mahorat saboqlari esa yurtimiz tibbiyot xodimlarining ushbu zamonaviy uskuna imkoniyatlarini yanada mukammalroq o‘zlashtirishiga yordam bermoqda.

Ablay Kamolov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
988






Все о погоде - Pogoda.uz