O‘zA O`zbek

23.05.2018 19:15 Chop etish versiyasi

Ichki ishlar sohasida hamkorlik

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va Tojikiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Ramazon Hamro Rahimzoda bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosati tufayli qo‘shni davlatlar bilan samarali va do‘stona munosabatlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, ayni paytda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilgan. Huquqni muhofaza qilish sohasidagi idoralararo hamkorlik ham faol tarzda rivojlanmoqda.

Uchrashuvda terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosiga qarshi kurashish, tezkor axborot almashishni faollashtirish yuzasidan o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tojikiston ichki ishlar vaziri ikki mamlakat ichki ishlar idoralari o‘rtasida uzviy hamkorlik jadal rivojlanishiga ishonch bildirdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston – Tojikiston idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhining ikkinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy qilish masalalari muhokama etildi. Ishchi guruhining uchinchi yig‘ilishini o‘tkazish joyi va vaqti belgilab olindi.

Uchrashuv nihoyasida 2018-2019 yillarda ekstremistik va terroristik tuzilmalar faoliyatiga qarshi internet tarmog‘ida “Toza tarmoq” shartli nomi ostida kurashish bo‘yicha kompleks tadbirlar qo‘shma rejasi va yig‘ilishning yakuniy protokoli imzolandi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 688