Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2017 17:35 Chop etish versiyasi

Hurmat va himmat namunasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni va “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bugungi dorilomon kunlarimiz uchun kurashgan, fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, tinchlik-osoyishtalik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi Shuhrat Jalilov bilan O‘zA muxbirining suhbati shular haqida kechdi.

– Mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib, xalqimiz farovonligi izchil yuksalmoqda, – deydi Sh.Jalilov. – Bu Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, xalqimizning davlatchilik tarixi, milliy-diniy qadriyatlari hamda jahon tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilayotgan taraqqiyot strategiyamizning hayotbaxsh samaralaridir.

Aholini ijtimoiy himoya qilish – O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri. Bugun mamlakatimizda urush qatnashchilari, mehnat faxriylari, kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar manfaatlari har tomonlama himoya qilinib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Mamlakatimizda har yili barcha shahar va tumanlarda, qishloq va mahallalarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tantanali ravishda pul mukofotlari topshirish an’anaga aylangan.

Prezidentimiz farmoniga muvofiq bu yil ham keng jamoatchilik vakillari ishtirokida urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarining ruhi va kayfiyatini ko‘taradigan turli bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. O‘tkazilayotgan uchrashuvlar va suhbatlarda yoshlarga bugungi tinch-osoyishta kunlarga osonlikcha erishilmagani, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash lozimligi hayotiy misollar asosida chuqur tushuntirilmoqda.

– Prezidentimizning yuqoridagi farmoni va qarori ijrosini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Ikkinchi jahon urushi arafasida mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni urush frontlarida jang qilgan. Yosh go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jang maydonlarida qatnashgan. Yana millionlab insonlar janggohlarda jon olib, jon berayotganlar uchun front ortida mashaqqatli mehnat qilgan. Ularning zahmati urush qatnashchilarinikidan aslo kam bo‘lmagan.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan hujjatlar o‘sha mudhish davrda xalqimizning, o‘z oilasining or-nomusi, tinchlik va farovonligi uchun kurashganlarga har tomonlama e’zoz ko‘rsatish, biz bilan birga umrguzaronlik qilayotgan qahramonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Xotira va qadrlash kunini ko‘tarinki ruhda nishonlash, 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarini ikki million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash marosimlariga puxta hozirlik ko‘rilayotir.

Jamg‘armamizning viloyat, tuman va shahar bo‘limlari tomonidan joylardagi hokimliklar bilan birga Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi xonadoniga borib, ularning sog‘lig‘i, turmush sharoiti va fikr-istaklari o‘rganildi. Hozirgi kunda kimning uy-joyga ehtiyoji bor, kimning turar joyini ta’mirlab berish kerak, kimga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida dam olib, sog‘lig‘ini tiklashi uchun bepul yo‘llanmalar, nogironlik aravachalari yoki eshitish moslamalari berish lozim, kim muqaddas Haj ziyoratiga borishni xohlaydi, shu kabi va boshqa murojaatlarni barcha mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda tezda hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

Yana bir muhim jihat – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolariga moddiy, ma’naviy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatiladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan birga ularning bugungi nurafshon tonglarimiz yo‘lida ko‘rsatgan matonati, mardlik va jasoratining ahamiyatini keng aholi qatlami, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq etish bo‘yicha madaniy-ma’rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkaziladi.

Nuroniylarning hayot tajribasi, pandu nasihatlari jamiyatimizda mehr-oqibat, milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashda, tinchlik-hamjihatlik muhitini barqaror saqlashda katta maktabdir. Keksalarimizga imkon boricha ko‘proq yordam bersak, og‘irini yengil qilsak, vijdonimiz oldida ham, kelajak avlod oldida ham yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.

Dilshod Karimov, O‘zA
2 724






Все о погоде - Pogoda.uz