O‘zA O`zbek

06.03.2018 10:17 Chop etish versiyasi

Huquqshunoslar talabalar huzurida

Guliston davlat universitetida “Yoshlarning yuksak huquqiy madaniyatini shakllantirish – jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning mustahkam asosi” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi, viloyat iqtisodiy sudi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda huquqshunoslar, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doimiy e’tibor qaratilib, bu borada tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

– Yurtimizda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat sifatida qayd etilgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Sh.Saidov. – Bugungi yoshlarimizning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi ularning tafakkuri, dunyoqarashi va huquqiy madaniyati yuksalishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Uchrashuvda yoshlarning o‘z fikrini erkin bayon etishini kuzatib, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

Tadbirda yoshlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning Vatan, xalq oldidagi burchi, bilim olishi, ish bilan ta’minlanishi xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi. Yoshlar ham mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
4 326