Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.09.2017 12:34 Chop etish versiyasi

Huquqbuzarlar qo‘lga olindi

Qashqadaryo viloyatida har hafta payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etilishidan oldin aniqlash, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borishda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birga, keng jamoatchilik vakillarini ham jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Qashqadaryo viloyati IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mazkur boshqarmaning yo‘lovchi poyezdlarini kuzatish bataloni 2-guruh xodimlari tomonidan yo‘lovchi poyezdlarda jamoat tartibini saqlagan holda fuqarolar xavfsizligi ta’minlanib, yo‘lovchilarning o‘z manziliga sog‘-salomat yetib borishi to‘liq nazoratga olingan. Yo‘l davomida favqulodda holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida profilaktika tadbirlari muntazam yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilning 5-sentabr kuni 330-“Moskva – Dushanbe” tranzit yo‘lovchi poyezdini kuzatib kelayotgan ushbu guruh xodimlari Yo.Choriyev va S.Jumayev tomonidan Qarshi shahri Gulbog‘ ko‘chasi 37-uyda yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro A.Saodatov, Qarshi shahri I.Mo‘minov ko‘chasi 25-uyda yashovchi 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro O.Hazratqulov, Qarshi shahri Masxab ko‘chasi 20-uyda yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro M.Ro‘ziyev sodir etgan qoidabuzarlik aniqlandi. Ular o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, Navoiy – Qarshi yo‘nalishining 142-143-razyezdlar oralig‘ida poyezdlar sekinlashishidan foydalanib, hech qanday chiptasiz poyezdga chiqadi va vagonlarda noqonuniy savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan vaqtda qo‘lga olinadi. Xodimlar tomonidan ularga nisbatan qonuniy hujjatlar rasmiylashtirilib, viloyat IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasiga topshirildi. Ushbu fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzarlarning har biriga nisbatan eng kam oylik maoshining ikki barobari miqdorida jarima solindi.

– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 30-noyabrdagi “Temir yo‘lda tashish xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yo‘lovchi tashish vagonlarida tashkil etilgan restoran va bufetlar xizmatchilaridan tashqari hech qaysi fuqaroga savdo-sotiq qilishga ruxsat berilmaydi, – deydi IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi yo‘lovchi poyezdlarini kuzatish bataloni 2-guruh komandiri, serjant Sunnat Ro‘ziqulov. – Buning ustiga mazkur huquqbuzarlar chiqqan poyezd qo‘shni davlatga tegishli bo‘lib, unga nafaqat boshqa fuqarolar, balki temir yo‘l vokzallari xizmatchilariga ham chiqish taqiqlangan. Afsuski, ayrim fuqarolar mana shunday qonunga xilof harakatlarni amalga oshirib, mavjud qonun-qoidalarni qo‘pol ravishda buzmoqda. Profilaktika tadbirlari natijasida keyingi oylarda bu turdagi huquqbuzarliklar kamayishiga erishilmoqda.

Profilaktika kuni tadbirlari turli huquqbuzarliklarni fosh etish bilan birga, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida bartaraf qilishda ham o‘z samarasini bermoqda. Ichki ishlar idoralari xodimlarining xalq orasida bo‘lishi, xonadonma-xonadon yurishi ko‘plab huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA
858






Все о погоде - Pogoda.uz