O‘zA O`zbek

16.02.2018 15:37 Chop etish versiyasi

Hukumat davlat boji miqdorlarini hisoblash tizimini soddalashtirdi

Hukumat davlat boji miqdorlarini hisoblash tizimini soddalashtirdi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi qarori bilan notarial harakatlar uchun undiriladigan davlat boji miqdorlari qayta ko‘rib chiqildi.

Qaror bilan davlat boji miqdorlarini hisoblash tizimi yanada soddalashtirilib, aholi uchun bir qancha yengilliklar yaratildi. Jumladan:

- Avtomashinani boshqarish yoki sotish huquqi bilan ishonchnomalarni yaqin qarindoshlarga berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari, begona shaxslarga berganlik uchun esa eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi. Bunda davlat boji miqdori 1,7 baravarga arzonlashdi;

- Avtomashinalarni oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji avtomashinaning chet elda yoki mamlakatimizda ishlab chiqarilganligidan qat’iy nazar, bir xil belgilandi va uning miqdori o‘rtacha 2-5 marotabaga arzonlashdi;

- Uy-joylarni oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji ular joylashgan aholi hududiga qarab belgilandi. Bunda, viloyatlarning chekka tuman va shaharlaridagi uy-joylar uchun davlat boji 2 baravar arzonlashdi;

- Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvlar, garov, ipoteka, lizing, kafillik, tekin foydalanish va qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji aniq va tushunarli miqdorlarda belgilandi.

Mazkur yangilik aholiga yengillik yaratish bilan birga, notarial idoralar xodimlari tomonidan boj to‘lovlarini ortiqcha hisoblash va undirish hamda boshqa korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi, deb ishonch bildirmoqda Adliya vazirligining Telegramdagi rasmiy kanali. 

O‘zA
15 180