O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

"Hugo Boss” kostyumlari O‘zbekistonda

"Hugo Boss” kostyumlari O‘zbekistonda

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyaning “Hugo Boss” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda xorijlik ishbilarmonlarga viloyatda tekstil sohasining jadal rivojlanib borayotgani, birgina Namangan shahrining o‘zida bir yarim mingdan ziyod tikuvchilik korxonasi faoliyat ko‘rsatayotgani, paxtachilikning 85 foizi klasterlarga o‘tkazilgani va kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni yuz foizga yetkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Yaqingacha tekstil yo‘nalishida eksport amaliyoti asosan MDH mamlakatlari bilan cheklanilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda Yevropa va okeanorti bozorlariga ham kirib borilmoqda, – dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. – Jumladan, “Chust tekstil” korxonasi Portugaliya va AQShda, “Iftixor kiyim sanoat” esa Germaniya bozorlarida o‘z o‘rnini topgani fikrimiz dalilidir. “Hugo Boss” bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi viloyatda tekstil sanoatini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi. Yillik tovar aylanmasi uch milliard dollardan ziyod bo‘lgan “Hugo Boss” kompaniyasi vakillari Konstantin Soer hamda Semih Demir Namangan shahridagi “Luks Plyus Servis” korxonasi bilan hamkorlikda ushbu brend ostidagi kostyumlarni Namanganda ham ishlab chiqarish loyihasi amalga oshira boshlangani va bu loyihaning iqtisodiy ko‘rsatkich hamda istiqbollari haqida ma’lumot berdi.

– Namangan tekstil sanoati, ayniqsa, kostyumlar ishlab chiqarish bo‘yicha tajribasi bilan O‘zbekistonda yetakchilik qilayotganidan yaxshi xabardormiz, – dedi Semih Demir. – Bu yo‘nalishda dunyo brendlari bilan raqobatga kirishayotgan korxonalar Namanganda ko‘payib bormoqda va bu bizning o‘zaro hamkorligimizda muhim ahamiyat kasb etadi.

393
Akromjon SATTOROV, Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA