Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 18:53 Chop etish versiyasi

Hokim yoshlar bilan uchrashdi

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan askarlar va bir guruh faol yoshlar bilan uchrashdi.

Prezidentimiz rahnamoligida hayotga joriy etilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqotlari muammolarga joyida yechim topishga xizmat qilmoqda. Barkamol avlod tarbiyasida yoshlarni, avvalo, kasbga yo‘naltirish, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratish, ularning bandligini ta’minlash, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash alohida ahamiyat kasb etadi.

“Vatan kelajagi sening qo‘lingda!” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv yoshlarni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoniga keng jalb etish, ular qalbida yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Navoiy viloyatida 2 oliy ta’lim muassasasi, 47 kasb-hunar kolleji, 4 akademik litsey va 355 umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Navoiy shahridagi Yoshlar markazi, “Yoshlik” sport majmuasi, tuman va shaharlardagi zamonaviy sport inshootlari, suzish havzalari, turli yo‘nalishdagi to‘garaklar yoshlar ixtiyorida.

Yoshlarni ezgu maqsad va g‘oyalar atrofida birlashtirish, ularning tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, tengdoshlari bilan sog‘lom raqobat muhiti asosida ilmiy va texnik kashfiyotlarni amalga oshirishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining o‘rni katta. Harakatning viloyatdagi boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan minglab yoshlar qamrab olingani bu boradagi maqsadlar istiqbolida muhim omil bo‘layotir.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlarning jamiyatda munosib o‘rin topishida harbiy qism rahbariyati tomonidan berilayotgan maxsus tavsiyanomalar muhim rol o‘ynamoqda. Mazkur imtiyoz asosida ular oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida ball qo‘shiladi.

Joriy yilda viloyatdan 900 dan ortiq yosh muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan. Bir guruhi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabul qilingan. 280 nafar yosh o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa, 22 nafari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Viloyat hokimi bilan ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, turli imtiyozlardan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarning imtiyozli bank kreditlaridan foydalanishi, iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat boshlashi uchun ko‘mak berish takliflari tahlil etildi.

Xanjar Hasanov harbiy xizmatga qadar Navoiy mashinasozlik zavodida mehnat qilgan. Uchrashuvda armiya safida yigitlik burchini o‘tagan yosh mutaxassis o‘zi ishlagan jamoaga ishga tiklash masalasida viloyat hokimiga murojaat qildi. Murojaat qat’iy nazoratga olindi. Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Farrux Namozov viloyatda kitob do‘konlari sonini ko‘paytirish taklifini bildirdi. Viloyat hokimi taklifni tasdiqlab, ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan yangi loyiha va rejalar xususida atroflicha ma’lumot berdi.

Uchrashuv doirasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi qoshidagi “Jasorat” klubining 10 nafar a’zosi yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan tadbir va loyihalarni yuqori saviyada o‘tkazish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi faolligi uchun viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Harakatning viloyat kengashiga 2016-yildagi samarali faoliyati uchun “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi va viloyat hokimligi tomonidan “Damas” avtomobili berildi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
3 225






Все о погоде - Pogoda.uz