O‘zA O`zbek

27.02.2018 16:08 Chop etish versiyasi

Hisoblagichlarni o‘rnatish tartibi qanday?

Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish tartibi qanday? Hisoblagich bepulmi va u kim tomonidan sotib olinadi?

Bugun mana shu kabi savollar ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Albatta ularning aksariyati kommunal sohadagi muammolar, tushunmovchiliklar bilan bog‘liq. Biz, ana shu savollarga javob izlash maqsadida “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatining ekspluatatsiya va texnik masalalar bo‘yicha direktori Alisher Nuraliyevga murojaat qildik.

– Viloyatda bugungi kunda elektr energiyasi bo‘yicha 736 ming 763 nafar aholi hamda 37 mingdan ziyod ulgurji iste’molchi bor, – deydi A.Nuraliyev. – Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muhim vazifalardan biridir. Ayni kunlarda Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida 23 mingdan ziyod ana shunday zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatdik. Bu aholiga to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12 -yanvardagi "Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari tasdiqlanib, barcha masalalarga oydinlik kiritildi. Maishiy iste’molchilardagi EHNAT (elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi)ga ulanadigan elektr energiyasini hisobga olishning zamonaviy elektron asboblarini, shu jumladan, mavjud (shuningdek induksion) asboblarni almashtirish, o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tkazish va plombalash hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Bu ishlar viloyatimizda endi boshlanadi. “O‘zbekenergo” tomonidan mazkur masala yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi ko‘plab afzalliklarga ega. Uning tatbiq etilishi iste’mol qilingan energiya haqidagi ma’lumotni yig‘ishda inson omilini kamaytiradi, iste’mol qilinayotgan energiya darajasi haqida aniq ma’lumot olish imkonini beradi, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilaydi.

Elektr tarmoqlariga yangidan ulanadigan uylar va xonadonlarda maishiy iste’molchilar tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan birgalikda elektr energiyasini hisobga olish asboblari o‘rnatiladigan joy va ularni o‘rnatish uchun zarur materiallar oldindan aniqlanadi. Bunda hisobga olish priborini montaj qilish uchun materiallar iste’molchi tomonidan sotib olinadi.

Hisobga olish pribori uy-joy yoki xonadon egasining buyurtmanomasiga binoan bir hafta muddatda, uning ishtirokida hududiy elektr tarmoqlari korxonasining vakili tomonidan o‘rnatiladi. Hisobga olish iste’molchining aybi bilan buzilgan taqdirda (tok va kuchlanishni o‘lchash transformatorlarining ishdan chiqishi, shuningdek, ikkilamchi kommutatsiya, hisobga olish asboblarining shikastlanishi va ularning yo‘qolishi) hisobga olish nazorat qilish asboblarini va ularga tegishli asbob-uskunalarni almashtirish, ta’mirlash, davlat qiyoslovidan o‘tkazish va o‘rnatish iste’molchi tomonidan ular qiymati va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq to‘langan holda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

Albatta elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlarni vaqtida amalga oshirish iste’molchining burchi hisoblanadi. Zamonaviy tizimga ulangan, shuningdek, elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qurilmasi bilan jihozlangan elektr energiyasini hisobga olish asboblariga ega maishiy iste’molchilarga elektr energiyasi elektr ta’minoti shartnomasi asosida va oldindan to‘langan to‘lov doirasida yetkazib beriladi. To‘lov hujjatida xatolar yoki hisobga olish asboblari ko‘rsatkichida noaniqliklar aniqlangan taqdirda, iste’molchi hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga darhol murojaat qilishi kerak.

Majburiy ijro byurosi tomonidan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirish, noqonuniy ulanish holatlari oldini olish, zamonaviy hisoblagichlarni monitoring qilish kabi ishlar olib boriladi.

Ma’sudjon Sulaymonov O‘zA
11 368