Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 18:37 Chop etish versiyasi

Hayotiy saboqlar hushyorlikka chorlaydi

Farzandining jinoyat yo‘liga kirganini ona juda kech bildi. Chunki uydan uzoqda ishlayotgan o‘g‘lining yurish-turishidan xabardor bo‘lolmas, uning aytganlariga ishonishdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Yomon yo‘lga kirgan, giyohvandlikni kasb qilgan o‘g‘il o‘z kirdikorini fosh etarmidi? Lekin ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, u baribir jinoyat ustida qo‘lga tushdi...

Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan o‘g‘lini qamoqdan chiqarish uchun onaizor kim nima desa shunga ko‘nishga tayyor edi. Axir cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi-da. Vaziyatdan xabar topgan Mirabbos ismli fuqaro ayolning huzuriga kelib "20 ming dollar bersangiz, o‘g‘lingizni tezda chiqarib beraman", dedi. Ayol bor budini sotib, aytilgan pulni unga qo‘shqo‘llab topshirdi. Biroq oradan kunlar, oylar o‘tsa hamki, o‘g‘li panjara ortidan qaytmadi. Shundagina ayol aldanganini tushunib yetdi va ichki ishlar organiga bu haqda murojaat qildi. Firibgar qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bu kabi holatlar hayotda uchrab turadi. Buni eshitgan o‘ziga saboq olib, hushyor tortsa, eshitmay qolgan yana kimdir shu xatoni takrorlaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy etilgan profilaktika kunida yuqoridagi kabi jinoyatlar, ularni keltirib chiqarayotgan sabablar va oqibatlari aholi o‘rtasida tushuntirilib, muhokama etilayotgani yurtdoshlarimizning huquqiy ongi va hushyorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Navbatdagi profilaktika kunida poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Navbahor, Qatortol mahallalarida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar muhokama etildi. Jahl ustida do‘stiga tan jarohati yetkazgan, qo‘shnisini haqorat qilgan, odob-axloq qoidalarini buzgan fuqarolar mahalla ahli o‘rtasida muhokama etildi. Bir qarashda arzimagandek tuyulgan ishlarning oqibati bunday tus olishini kutmagan huquqbuzarlarning mahalladoshlar ko‘ziga qaray olmay boshi xam bo‘ldi. Nuroniy otaxon va onaxonlarning kuch topib, vaqt topib bu yerga kelgani, bergan tanbehlari o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Ko‘pni ko‘rgan piru badavlatlarimizning mana shunday tadbirlarga taklif etilayotgani aholi, ayniqsa, yoshlarning to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘imasligida muhim ahamiyat kasb etayotir.

– Prezidentimizning profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha qo‘yayotgan talablari izchil bajarilayotgani natijasida jinoyat va huquqbuzarliklar keskin kamaymoqda, – deydi Chilonzor tumani ichki ishlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Furqat Suyarov. – Mahallalarda faoliyat yuritayotgan profilaktika inspektorlariga zarur shart-sharoit yaratib berilayotgani ularning samarador ishlashiga keng yo‘l ochmoqda. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, profilaktika inspektori o‘zi ishlaydigan mahalla hududida yashashi lozim. Bu profilaktika inspektori mahalladagi har bir xonadon bilan yaqin muloqot o‘rnatishi, ko‘chalar va jamoat joylarini qat’iy nazoratga olishida muhim ahamiyatga ega.

Tumandagi 178-umumiy ta’lim maktabida surunkali ravishda darsga kelmayotgan o‘quvchining otasi, buvisi ishtirokida muhokama tashkil etildi. Onasi olamdan o‘tgach, bu bolaning ko‘ngli qattiq o‘ksigan. U nafaqat darsdan, hatto uydan ham qochib ketishni odat qilgan. Uning ruhiyatida paydo bo‘lgan kemtikni to‘ldirish, dalda bo‘lish haqida, afsuski, hech kim o‘ylab ko‘rmagan. Muhokama asnosida bularning bari chuqur tahlil etildi. Psixologlar yordamida bola bilan suhbat olib borildi. Uning yaqinlariga bu borada tavsiyalar berildi. Atrofida paydo bo‘lgan mehr-oqibat muhiti, e’tibor o‘quvchining ko‘nglini ko‘tarib, kelajakka umid paydo qildi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki bu uning murg‘ak ko‘zlarida paydo bo‘lgan shu’lada, ishonchda namoyon edi.

Profilaktika kunida to‘rtta maktab va litseyda davomat tadbiri o‘tkazildi. Maktablarda o‘quvchilarning darsga qatnashish ko‘rsatkichi oshgan bo‘lsa-da, hali yuz foizga yetgani yo‘q. Farzandining darsga borishini nazorat qilmayotgan ota-onalarga ogohlantirishlar berilganiga qaramay, hamon shunday holga yo‘l qo‘yilmoqda. Demak, bu boradagi choralarni kuchaytirishga zarurat tug‘ilmoqda. Zotan, har bir bolaning ilmu hunar egallashi, komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun ular har kuni ta’lim muassasasida bo‘lishi shart.

Tumanning Yakkatut mahallasi ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu ishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Chilonzor tumaniga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida amalga oshirilmoqda.

– Davlatimiz rahbari mahallamizga kelganida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar faoliyatini rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratdi, – deydi "Yakkatut" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nodirbek Ro‘zmetov. – Mutasaddilar ishtirokida bu masala muhokama etildi. Qisqa fursatda "Boqiy kommunalchi" xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga 164 million so‘m kredit ajratildi. Hozir to‘rt qavatli uyning yo‘laklari, fasad qismida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Mahalla ahli bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, ijtimoiy hayotda faol bo‘lishga, yon-atrofni obodonlashtirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bu kabi xayrli ishlar mahallaning nafaqat obodligiga, balki muhiti sog‘lomlashishiga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 207






Все о погоде - Pogoda.uz