Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 15:05 Chop etish versiyasi

Haydovchi avtomashinasini tashlab qochdi

Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududida aylanma yo‘llar orqali yurtimizga tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirish holatlari uchramoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ana shunday holat fosh etildi.

Joriy yil 30-yanvar kuni Milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida “Vodil-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan noma’lum shaxs boshqaruvidagi “Nexia” rusumli, davlat raqami 40 L 176 NA bo‘lgan avtomashina kuzatuvga olingan. Mazkur avtoulov Farg‘ona shahri Alisher Navoiy ko‘chasi hududida to‘xtatilganda, haydovchi avtomashina va undagi tovarlarni tashlab, voqea joyidan qochib ketgan.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan va O‘zbekiston Respublikasining aksiz markasi bilan markalanmagan umumiy qiymati 153 million 400 ming so‘mlik 15 ming 340 dona “Milano” nomli tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Tezkor surishtiruv va qidiruv chora-tadbirlari natijasida avtomashina va tamaki mahsulotini tashlab qochgan “uchar tadbirkor”ning shaxsi aniqlandi, U Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani "Vodil" qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi Abdumajidov Saidumar bo‘lib chiqdi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvi va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot uchun: 1996-yilning 1-oktabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan va uning hududiga olib kelinayotgan tamaki mahsulotlarini belgilangan namunadagi aksiz markalari bilan majburiy markalash tartibi joriy etilgan. Ushbu tartibga rioya qilmasdan tamaki mahsulotlarini yurtimizga olib kirish, aksiz markalarini yopishtirmagan holda tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash va sotish taqiqlanadi. Jismoniy shaxslar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining tegishli bandida qayd etgan holda, 10 qutigacha tamaki mahsulotlarini bojxona chegarasidan erkin olib kirishiga ruxsat etiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 189