Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.03.2017 13:11 Chop etish versiyasi

Hasharda yoshu qari faol ishtirok etmoqda

Hasharda yoshu qari faol ishtirok etmoqda Navro‘z bayrami oldidan tashkil etilgan umumxalq xayriya hashari Farg‘ona viloyatida ham uyushqoqlik bilan o‘tmoqda.

Xalqimizga xos saranjom-sarishtalik, obodlik belgisi hisoblangan mazkur tadbir erta tongdan barcha hududlarda boshlanib, mahalla, tashkilot va korxona hududlari, ariq-zovurlar, ko‘cha va xiyobonlar, muqaddas qadamjo va qabristonlarda tozalash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Kunning birinchi yarmida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha hasharda 1 million 300 mingdan ziyod aholi qatnashmoqda. Ertalabdan buyon 1 ming 52 gektar maydon obodonlashtirilib, ko‘plab maishiy va qurilish chiqindilari chiqarildi. 900 dan ortiq qabriston va 100 ziyoratgoh obodonlashtirildi.

Dang‘ara tumani “Sanam” qishloq fuqarolar yig‘inida 25 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yerda mahallalar o‘rtasida “Eng obod xonadon”, “Gulzor hovli” ko‘rik-tanlovlari, hududdagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida “Qushlar bayrami”, “Gullar bayrami” tadbirlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.

– Qayerda obodlik, saranjom-sarishtalik bo‘lsa, o‘sha yerda fayz-baraka bo‘ladi, – deydi “Sanam” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Xosiyat Turdiqulova. – Shuning uchun Navro‘z bayrami oldidan o‘tkazilayotgan hasharda yoshu qari faol ishtirok etib, obodlikka hissa qo‘shmoqda. Bugungi kunda hududimizda 150 dan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatayotir. Aholini ish bilan ta’minlash, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida qad rostlayotgan zamonaviy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, uy-joylar qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 677






Все о погоде - Pogoda.uz